10:24 / 26.03.2016
1346

OAV: AQShdagi prezidentlik saylovlari uchun 1 mlrd dollardan ortiq mablag‘ to‘plandi

Amerika prezidentligi uchun kurashayotgan nomzodlar va ularning tarafdorlari tomonidan saylovoldi kampaniyalarini o‘tkazish maqsadida fevral oyi oxirigacha 1 mlrd dollardan ortiq mablag‘ jamg‘arilgan. Bu haqda USA Today nashri xabar qilmoqda.

"Prezidentlikka nomzodlar va ularning "siyosiy harakat qo‘mitasi" (nomzodlarni qo‘llash fondlari) deb ataluvchi tarafdorlari shuncha mablag‘ni to‘plashga erishganlar", — deyiladi maqolada.

Nashrning ma'lumotlariga ko‘ra, 2012 yilgi prezidentlik saylovlarida ikkala partiyadan ilgari surilgan nomzodlar ayni muddatgacha atigi 402,7 mln dollar jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan edi. Bu safargi saylovoldi kampaniyasida esa, nomzodlarni qo‘llash fondlarining sa'y-harakatlari bilan avvalgi saylovlarda to‘planganidan 40 foiz ko‘proq jamg‘arilgan. Fondlarning mablag‘isiz, nomzodlarning o‘zlari 623,8 mln dollar jamg‘arishga muvaffaq bo‘lishgan. 2008 yilgi kampaniyada bu ko‘rsatkich 812 mln.ni tashkil etgandi.

Ikkala partiyadan ko‘rsatilgan nomzodlar orasida AQShning sobiq davlat kotibi Hillari Klinton 162,8 mln dollarlik mablag‘ bilan yetakchi bo‘ldi. U 8 yil avvalgidan 11,1 mln. dollar ko‘proq mablag‘ to‘plashga erishgan. Sobiq birinchi xonim sa'y-harakatlari evaziga Demokratik partiya nomzodlari jami 312,4 mln dollar, respublikachilar esa birmuncha kamroq 311,5 mln dollar jamg‘arishgan.

Gazetaning qayd etishicha, jamg‘arilgan mablag‘lar AQSh saylov kampaniyalarida hal qiluvchi bo‘lmasa-da, muhim o‘rin tutadi. Vermont shtatidan prezidentlikka ilgari surilgan demokrat Berni Sanders ayni masalaga jiddiy yondashib, saylov kampaniyasida pul muhim o‘rin tutmasligi kerak, degan g‘oyani ilgari surmoqda.

Top