16:16 / 26.03.2016
2207

O‘zbekiston va Vengriya Oliy ta'lim tizimidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi

23 mart kuni O‘zbekiston Respulikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligida oliy ta'lim tizimidagi hamkorlik masalalarini o‘zaro muhokama qilish uchun Vengriya delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma'lum qilmoqda.

Unda vazir o‘rinbosari Laslo Sabo boshchiligidagi Vengriya tashqi ishlar va savdo vazirligining 6 nafar xodimi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi vakillari ishtirok etdilar.

Muloqot davomida Vengriya tomoni O‘zbekiston bilan oliy ta'lim sohasidagi hamkorlikning rivojlanishi yo‘lida istalgan sohalar yo‘nalishida 30ga yaqin stipendiyalar dasturi ajratishga tayyor ekanligini bildirdi. Ushbu dasturlar 3 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, bakalavariat, magistratura va doktarantura bosqichidagi kadrlarni tayyorlashni o‘z ichiga oladi.

Ta'kidlash kerakki, mazkur stipendiyalarda xalqaro aviachiptalardan tashqari barcha to‘lovlar Vengriya tomonidan qoplanadi. O‘zbekistonlik talabalar ushbu dasturlardan biri — BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha tashkiloti — FAO (Food and agriculture organization of the United Nations)ning stipendiya loyihasida qatnashishlari mumkin.

Uchrashuvda, shuningdek, O‘zbekiston va Vengriya davlatlari oliy ta'lim muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish borasida ham muhokama qilindi.

Top