Navoiy viloyatida 2016 yil 1 mart holatiga ko‘ra amnistiya to‘g‘risidagi qaror jami 951 nafar shaxsga nisbatan tatbiq etildi
“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma uch yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida”gi Qaror ijrosini samarali va sifatli ta'minlash, viloyat hududidagi jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni to‘liq ro‘yxatga olish, ularni ijtimoiy va maishiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda foydali mehnatga jalb etish bo‘yicha viloyat prokurori, Milliy xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi va viloyat ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari tomonidan tasdiqlangan tadbirlar rejasi tuzilib, ijrosi yuzasidan bir qator tadbirlar amalga oshirildi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.
2016 yil 1 mart holatiga jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati sudlari tomonidan ushbu amnistiya to‘g‘risidagi qaror jami 881 ta jinoyat ishi va materiallar bo‘yicha 951 nafar shaxsga nisbatan tatbiq etilib, shundan Qarorning 1-bandi 91 nafar, 2-bandi 507 nafar, 3-bandi 152 nafar, 4-bandi 129 nafar va 5-bandi 72 nafar shaxsga nisbatan qo‘llanilishi ta'minlandi. Ushbu qaror qo‘llangan shaxslarning 111 nafarini ayollar, 11 nafarini voyaga yetmaganlar, 33 nafarini 60 yoshdan oshganlar, 15 nafarini chet davlat fuqarolari tashkil qildi.
Qarorning qo‘llanilishi jarayonida tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan 15 marotaba viloyat hududidagi jazoni ijro etish muassasalariga chiqilib, 124 nafar mahkum bilan suhbatlar o‘tkazildi. 124 ta shaxsiy yig‘ma jildlar, surishtiruv va dastlabki tergov materiallari va jinoyat ishlari o‘rganildi.
Jazodan ozod qilinib, ijtimoiy ko‘nikma markazlariga murojaat qilgan barcha shaxslarga nisbatan jami 47 mln. 339 ming so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari moddiy yordam sifatida berildi.