14:13 / 28.03.2016
1553

Bahrayn termasi bosh murabbiyi: O‘zbekistonga uch ochko uchun keldik

JCh-2018 saralashi doirasida O‘zbekiston va Bahrayn terma jamoalari o‘rtasida kechadigan o‘yin oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida raqib jamoa bosh murabbiyi, 1986 yili Argentina terma jamoasi bilan jahon chemioni bo‘lgan sobiq futbolchi Serxio Batista va futbolchi Humayer Asval ishtirok etdi. Bu haqda uff.uz saytida ma'lum qilingan.

Serxio Batista: Yamanga qarshi kechgan o‘yinda ancha o‘zimizga kelib oldik. Jamoamiz bu o‘yinga kuch saqlashga ham muvaffaq bo‘ldi. Biz O‘zbekistonga qarshi kechadigan o‘yinga tayyormiz. Biz juda kuchli raqibga qarshi maydonga tushamiz va O‘zbekiston terma jamoasi uch ochko uchun o‘ynashini bilamiz. Shu bilan birga biz ham g‘alaba uchun bu yerga kelganmiz. Yamanga qarshi kechgan o‘yin allaqachon yoddan chiqarildi va ertaga bo‘ladigan o‘yinga tayyormiz.

- Ertaga bo‘ladigan o‘yinda kuchli jismoniy tayyorgarlik ham talab qilinadi. Bunday o‘yinga qay darajada tayyorsiz?

- Biz nafaqat jismonan, balki taktik va ruhiy jihatdan ham juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rganmiz. O‘zbekiston qay darajada kuchli ekanini yaxshi bilamiz va shunga monand tayyorgarlik olib borganmiz.

- O‘zbekistonga qarshi kechgan dastlabki bahsdan so‘ng ancha vaqt o‘tdi va bu vaqt oralig‘ida jamoangizda qanday o‘zgarishlar bo‘lgan?

- O‘zgarishlar bo‘lgan, ammo jamoamizning asosiy falsafasi aniq bo‘lib qolaveradi. Har qancha o‘zgarishlar bo‘lmasin, bizning maqsadimiz o‘zgarishsiz qolaveradi.

- Ertaga yomg‘ir yog‘ishi haqida xabarlar bor. Maydon holati bilan tanishdingizmi va ertaga yomg‘ir yoqqan taqdirda jamoangiz bunday sharoitda o‘ynashga tayyormi?

- Ertaga yomg‘ir yog‘masa, juda yaxshi bo‘lar edi. Ammo biz yomg‘irli havoga ham tayyormiz. Jamoamiz har qanday sharoitda to‘p surishga tayyor. Ertaga stadionga keladigan muxlislar ham chiroyli o‘yin ko‘rish niyatida bo‘lishi tabiiy. Buning uchun maydon quruq bo‘lishi kerak.

- Ertaga Bahrayn qarshi hujumga asoslangan himoyaviy o‘yin namoyish qiladimi yoki jamoangiz ochiq, hujumkor o‘yin namoyish etishga jur'at eta oladimi?

- Bizning asosiy falsafamiz, qayerda to‘p surishimizdan qat'i nazar - hujumkor o‘yin namoyish qilish va g‘alaba qozonish. Shu bilan birga O‘zbekiston terma jamoasining salohiyati va kuchini yaxshi bilamiz hamda unutmaslikka harakat qilamiz. Ammo biz uch ochko uchun hujum qilish lozimligini ham yaxshi bilamiz.

- Ilgari Bahrayn ancha kuchli hisoblanardi, ammo oxirgi vaqtlarda jamoa kuchi biroz pastlagandek. Bahrayn klublari hozir faqat OFK Kubogi bilan cheklanmoqda. Balki termaning kuchsizlanishiga sabab shundadir?

- Bahraynga kelganimga endi 10 oy bo‘ldi va bu vaqt oralig‘ida Bahrayn futbol federatsiyasi yordami bilan ijobiy o‘zgarishlar qilishga intilmoqdamiz. Yana bir narsani aytish lozim, oxirgi vaqtlarda nafaqat Bahraynda, balki butun dunyoda futbol o‘zgardi. Bahraynda futbolni kuchaytirish uchun ko‘p ishlash kerakligini bilamiz. Oxirgi vaqtlarda zamon taqozosi bilan kuchayishda davom etish zaruriyati tug‘ildi va biz buni his qilib turibmiz. Buning uchun tezis va loyihalarga egamiz. Ular amalga oshirigan taqdirda Bahrayn yana yetakchilar orasiga qaytadi.

Top