Milliarder Gutseriyev o‘g‘lining to‘yida xizmat qilgan xonandalarning olgan xizmat haqlari ma'lum bo‘ldi
Rossiyaning eng badavlat odamlaridan biri bo‘lgan milliarder Mixail Gutseriyev o‘g‘li Saidning 26 martdagi to‘yi ikki kundan beri "odamlar og‘zidan tushmayapti". "RussNeft" kompaniyasi egasi va shu bilan birga bo‘sh vaqtida she'r yozib turuvchi milliarderning o‘g‘li to‘yida dunyo miqyosidagi yulduzlar: Jyennifer Lopes, Sting, Xulio Iglesias xizmat qildilar. To‘y yakunlanishiga yaqin Rossiya estradasi primadonnasi Alla Pugachyova o‘z qo‘shiqlari bilan mehmonlarni xushnud qildi.
U jumladan o‘zining "Lyubov, poxojaya na son" (Tushga o‘xshash muhabbat) qo‘shig‘ini ijro qilib berdi.
Milliarder qo‘shiqchilarning xizmatlari uchun umumiy hisobda 3 mln dollar "atab yubordi". Eng katta xizmat haqini Jyennifer Lopes oldi: qo‘shiqchiga xizmatlari uchun 1 mln yevro to‘landi. Sting va Hulio Iglesias 500 ming yevrodan haq olishdi. Pugachyovaga esa xizmatlari uchun sal kamroq – 300 ming yevro to‘langan. Qolgan pullar boshqa xonandalar orasida taqsimlangan.
Said Gutseriyev va uning qallig‘i Xadicha Ujaxovaning to‘yi Moskvadagi "Safisa" restoranida bo‘lib o‘tdi.
To‘yning o‘ziga tortgan jihatlaridan biri shu bo‘ldiki, kelin libosi alohida buyurtma bo‘yicha livanlik modeler modalar uyida tayyorlandi. Turli toshlar bilan bezalgan va uzun shleyfga ega bo‘lgan ko‘ylakning og‘irligi 25 kg ni tashkil qilgan. "Go‘zallik qurbonlar talab qiladi" deganlaridek, kelinga bunday og‘ir ko‘ylakni kiyib yurish oson bo‘lmadi. Hattoki shunday vaziyat bo‘ldiki, kelin zinalardan ko‘tarilayotganda muammoga duch keldi. Unga yordamga yaqinlari va dugonalari keldilar va an'anani buzishlariga to‘g‘ri keldi: ingush urf-odatlariga ko‘ra, kelinning nikoh ko‘ylagiga boshqa qizlar qo‘l tekkazishlari mumkin emas.
Yoshlar tantanalarni Londonda davom ettiradigan bo‘lishdi.