Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qashqadaryoda 600 ming o‘g‘il-qiz ishtirokidagi yoshlar festivali boshlandi
28 mart kuni Qashqadaryo viloyatida “Biz buyuk yurt farzandlarimiz” shiori ostida an'anaviy yoshlar festivali boshlandi. 31 martga qadar davom etadigan festivalda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, madaniyat va san'at arboblari, estrada xonandalari, opera ijrochilari, kino va teatr aktyorlari, yosh olimlar, davlat mukofotlari sohiblari, taniqli yozuvchi va shoirlar, sportchilar ishtirok etmoqda.
Viloyatdagi ta'lim muassasalarida bilim olayotgan 600 ming nafarga yaqin o‘g‘il-qizlarni jalb etgan bu yilgi festivalda yoshlar takliflari asosida 10 dan ziyod loyihalar o‘tkaziladi. Taniqli aktyor va xonandalar bilan “Siz sevgan qahramonlar” mavzusidagi uchrashuvlar, “Hokim va yoshlar”, “Deputatlar va yoshlar” mavzusida davra suhbatlari, taniqli sportchilar ishtirokidagi master-klasslar, yosh ijodkorlar tomonidan suratga olingan qisqa metrajli filmlar hamda talabalar sahnalashtirgan spektakllar namoyishlari, tarixiy obidalar, yirik savdo markazlari, istirohat bog‘lari, aholi va yoshlar gavjum maskanlarda taniqli san'atkorlar ishtirokidagi fleshmoblar shular jumlasidan.
E'tiborlisi, tadbirlar viloyatdagi barcha 13ta tuman maktablari, madaniyat va istirohat bog‘lari, madaniyat va aholi dam olish markazlari va boshqa maskanlarda tashkil etilib, ularda barcha yoshlar erkin ishtirok etishlari mumkin.

Mobil muxbir: Sanjar Said