23:24 / 29.03.2016
1714

Amerikalik xaker 20 mingta printerni fashist varaqalarini bosishga majbur qildi

Weev niki orqali ma'lum bo‘lgan amerikalik xaker Endryu Auernxaymer maxsus skript yordamida internetga ulangan 20 ming dona himoyalanmagan printerdan fashist varaqalarini bosib chiqardi, deb xabar beradi Motherboard agentligi.

Xaker buyrug‘i bilan bosib chiqarilgan varaqalarda "oq tanlilar hukmronligiga qarshi kurashga qo‘shilish"ga chorlov hamda fashist yo‘nalishidagi guruh saytiga havola bo‘lgan. Shuningdek, flayerlarda svastika tasviri ham bo‘lgan.

Ba'zi "jabrlangan" printer egalari ijtimoiy tarmoqlarda xaker ustidan arz qildilar, printerlari varaqalarni bosib chiqargan o‘quv dargohlari esa Federal qidiruvlar byurosiga bu hodisani tergov qilish iltimosi bilan murojaat qildilar. Lekin xakerning o‘zi qonunga xilof hech qanday ish sodir etmaganligiga ishonchi komilligini aytmoqda.

Auernxaymer blogida yozishicha, u hech nimani buzib ochishiga to‘g‘ri kelmagan. Maxsus skript orqali u barcha 9100 porti bilan ochiq tarmoq printerlarini topa olgan, so‘ngra ma'lumotlarni bosishga yuborgan. Xakerning qo‘shimcha qilishicha, u "20 mingta printerni o‘ziga bo‘ysundira olganidan" mamnun, biroq undan ham ko‘proq himoyalanmagan printerlar bo‘lishini kutgandi.

Top