21:10 / 29.03.2016
1369

EgyptAir samolyotini garovga oluvchida portlovchi modda bo‘lmagan

29 mart kuni Misrning Egypt Air aviakompaniyasining A320 samolyotini garovga olgan shaxs soxta "bomba"dan foydalangan. Bu haqda Kipr IIV rahbari Ioannis Kasulidisga asoslanib, mahalliy nashrlar xabar tarqatgan.

Uning ma'lum qilishicha, aviaqaroqchi mobil telefonlar g‘ilofining "bomba g‘ilofi" ekaniga samolyotdagilarni ishontirgan.

"Bizda shubha bor edi, ammo tekshiruvlar natijasida samolyotda portlovchi qurilma bo‘lmagani tasdiqlandi", deydi vazir.

Uning ma'lum qilishicha, Misrdan uchib kelgan samolyot ekipaji bilan arab tilini biluvchi tarjimon vositasida voqea tafsilotlari aniqlashtirilgan.

U shuningdek, samolyotni garovga oluvchi Kipr hukumati uning samolyotni Istanbulga qo‘yib yuborish taklifini qabul qilmaganidan keyin taslim bo‘lgani haqida bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, Sayf ad-Din Mustafo ismli shaxs 29 mart kuni Egypt Air aviakompaniyasining Aleksandriyadan Qohiraga uchishni amalga oshirayotgan, bortida 81 kishi bo‘lgan samolyotini garovga oldi. U o‘z yonida portlovchi modda borligini aytib, ekipaj va yo‘lovchilarga tahdid qilgan. Uning talabi bilan samolyot shimolga qarab uchgan, u Istanbulga uchishni talab qilgan, ammo uchuvchi yoqilg‘i yetmasligini sabab qilib, Kiprning Larnaki aeroportiga qo‘nishni amalga oshirgan.

Bir muddat muzokaralardan so‘ng aviaqaroqchi qo‘l ko‘tarib taslim bo‘ldi.

Top