09:56 / 29.03.2016
7181

O‘zXDP Markaziy Kengashi tashabbusi bilan “Yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlashga har birimiz mas'ulmiz” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi

Bugun yurtimizda tinchlik va osoyishtalik hukmron!

To abad ana shu ne'matni ko‘z qorachig‘idek asrash uchun har birimiz mas'ulmiz. Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi huzuridagi “Ma'naviyat va ma'rifat markazi”da bo‘lib o‘tgan “Yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlashga har birimiz mas'ulmiz” mavzusida davra suhbatida bu haqda atroflicha so‘z yuritildi.

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda partiyaning Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi hamda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlaridagi partiya guruhlari a'zolari, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi, Respublika xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston “Mahalla” hayriya jamoat fondi vakillari, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.

Ma'lumki, bugungi kunda diniy ekstremizm va xalqaro terrorizm insoniyat uchun katta muammoga aylanib bormoqda. Beqarorlik keltirib chiqarishdan manfaatdor bo‘lgan kuchlar domiga tushub qolayotgan, ularga bilib-bilmay ergashayotgan va tinchligimizga rahna solishga urinayotganlar safida esa yurtimiz fuqarolarining ham borligi har birimizni yanada ogoh bo‘lishga, buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi hamkorlikda kurashishimiz lozimligini ko‘rsatib turibdi. Prezidentimizning “Bunday g‘arazli kuchlarning asosiy niyati – hali hayotiy tajribasi, siyosiy-ijtimoiy saviyasi yetarli bo‘lmagan, sodda va g‘o‘r yoshlarni yo‘ldan urish, o‘zining qabih niyatlari yo‘lida foydalanish ekanini hech qachon unutmasligimiz kerak. Faqatgina mustaqil fikrlaydigan, iymon-e'tiqodi mustahkam, ota-bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan ezgu qadriyatlarga sadoqatli bo‘lgan insongina bunday qutqularga uchmasligi, to‘g‘ri yo‘ldan adashmasligi mumkin. Buning uchun, albatta, birinchi navbatda farzandlarimizni yuksak bilim va ma'naviy fazilatlar bilan qurollantirishimiz lozim” deya bildirgan fikrlaridan kelib chiqqan holda aholining bilim va tafakkurini boyitish, mafkuraviy xurujlarga qarshi kurashishi har birimizning fuqarolik burchimizdir.

O‘zbekiston XDP Saylovoldi dasturida ham axborot xuruji xavfi ortib borayotgan hozirgi sharoitda unga qarshi kurashishda jamiyatning ijtimoiy birdamligini kuchaytirish juda muhim ekanligi alohida belgilab qo‘yilgan. Shundan kelib chiqqan holda, partiyaning barcha bo‘g‘inlarida turli tadbirlar va uchrashuvlar tashkil etilib, aholi orasida targ‘ibot-tashviqot ishlariga katta e'tibor qaratilmoqda.

Sir emaski, yurtimizda mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab, farzandlarimiz ma'naviy olamini yuksaltirish, ularni ona Vatanga muhabbat, milliy va diniy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash asosida har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ta'lim, sport sohasiga qaratilayotgan e'tibor, ijtimoiy sohaning rivojlanishi yo‘lida amalga oshirlayotgan islohotlar xalqaro miqyosda ham e'tirof etilmoqda. Ammo, yuqorida sanab o‘tilgan masalalarning mavjudligi yoshlar tarbiyasi, erkin fuqarolik jamiyatining asosiy sharti bo‘lgan aholining siyosiy madaniyati, huquqiy ongini oshirish keng ko‘lamli masala ekanligidan dalolat berib turibdi.

Bu esa, mazkur vazifalarga bugun nafaqat davlat idoralari, balki fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, siyosiy partiyalar katta mas'uliyat bilan yondashishi, bu borada yaratib berilayotgan huquqiy imkoniyatlardan keng foydalanish, targ‘ibot ishlariga yangicha yondashish talab etiladi.

Joylarda partiya tomonidan tashkil etiladigan mafkuraviy yo‘nalishdagi tadbirlarda diniy ekstremizm va xalqaro terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha aholini, ayniqsa, yosh avlodni tinchliksevarlik va bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash, kuchli mafkuraviy immunitet va yuksak ma'naviyatga ega shaxs sifatida voyaga yetkazish, yoshlarni yagona maqsad atrofida birlashtirish, ularda vatanparvarlik va milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini yuksaltirish, huquqiy bilimlarini oshirishga katta e'tibor qaratilmoqda.

Tadbirda diniy ekstremizm va terrorizm muammosi nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini, balki keng jamoatchilikni ham tashvishga solayotganligi, ushbu jinoyat har bir insonning oliy qadriyat sifatida e'tirof etiladigan sha'ni, qadr-qimmati, erkinligi va shaxsiy daxlsizligiga xavf tug‘dirayotganligini inobatga olgan holda, unga qarshi kurashish birgina huquq-tartibot idoralari emas, balki fuqarolik jamiyatlari institutlari, jamoat tashkilotlari, qolaversa, har bir fuqarodan faollik va ogohlikni talab etishi alohida ta'kidlandi..

– Bugungi kunda mamlakatimizda inson, uning hayoti, sha'ni, qadr-qimmati, erkinligi va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi, shuningdek, Bosh qomusimizga muvofiq, hech bir fuqaro qiynoqqa solinmasligi, hamda uning qadr-qimmatini kamsitmaslik, zo‘ravonlik va shafqatsizlik kabi holatlarga yo‘l qo‘yilmasligi kafolatlangan,– deydi XDP Markaziy Kengashi mafkuraviy masalalar bo‘limi mas'ul xodimi Sirojiddin Shonazarov.– Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, ezgulik va bunyodkorlik g‘oyalari bilan yashayotgan aholini bir maqsad atrofida birlashtirish, yoshlarning turli yot g‘oyalar ta'siriga tushib qolishlarining oldini olish, zararli axborotlarga nisbatan mafkuraviy immunitetni kuchaytirish, uning huquqiy va siyosiy bilimlarini oshirish tashkil etilgan davra suhbatining asosiy mavzusi bo‘ldi.

Davra suhbati ishtirokchilari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha mas'ul xodimi Mirodil Haydarovning “Diniy ekstremizm va terrorizm – jamiyat taraqqiyotiga tahdid”, Olmazor tuman hokimi o‘rinbosari, tuman xotin-qizlari qo‘mitasi raisi Muqaddam Rasulovaning “Yoshlarni turli buzg‘unchi g‘oyalardan himoya qilishda Xotin-qizlar qo‘mitasining o‘rni” mavzuidagi ma'ruzalarini qiziqish bilan tingladilar.

Shu mavzuni o‘zida aks ettirgan videofilmni tadbir ishtirokchilari hayajon bilan tomosha qildilar.

Davra suhbati ishtirokchilari mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar oldilar.

Dilnoza Abdullayeva,
O‘zMU Jurnalistika fakulteti talabasi

Top