Saudiya Arabistoni asosiy neft bozorlarida o‘z ulushini yo‘qotdi
Saudiya Arabistoni 2013 yildan 2015 yilgacha u uchun 15 ta muhim davlatdan 9 tasida o‘zining neft bozoridagi ulushini ushlab qololmadi, deb yozdi FGE konsalting guruhi tomonidan neft importi borasida yig‘ilgan ma'lumotlarga iqtibos keltirgan holda Financial Times nashri.
FGE ma'lumotlariga ko‘ra, Saudiya Arabistonining Xitoyga yetkazib beriladigan umumiy neft hajmidagi ulushi 2013 yilda 19 foizdan ko‘proqni tashkil qilgan bo‘lsa, 2015 yilda bu qiymat 15 foizni tashkil qildi. Saudiya Arabistonining ulushi qisqarishiga Xitoyga Rossiyadan neft yetkazilishi hajmi o‘sishi sabab bo‘lgan. Mamlakatning JARdagi neft yetkazib berish ulushi 3 yil ichida Nigeriya va Angoladan neft yetkazilishi ortida 53 foizdan 22 foizgacha kamayib ketgan.
Saudiya Arabistonining AQShga yetkazib beradigan neft hajmi 17 foizdan 15 foizga kamaydi. Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni Janubiy Koreya, Tailand, Tayvan va G‘arbiy Yevropaning bir qator davlatlarida raqobatchilariga o‘z mavqeini boy berib qo‘ydi. Biroq Saudiya Arabistoni shu bilan birga Braziliya, Hindiston va Yaponiyaga yetkazib beradigan neft hajmini oshirdi.
Saudiya Arabistonining 2015 yilda global bozordagi ulushi birozga oshgan, biroq 2013 yildagi ko‘rsatkichga yetmagan. Mamlakat 2015 yilda neftga dunyo talabining 8,1 foizini qoplagan. 2014 yilda bu ko‘rsatkich 7,9 foizni, 2013 yilda esa 8,5 foizni tashkil qilgan.
Saudi Aramco davlat neft kompaniyasi bunga izoh berishni istamadi.