12:10 / 29.03.2016
1319

Vashingtonda AQSh Kongressining sayyohlik markazida otishma yuz berdi

28 martda AQSh poytaxti markazida, AQShning bosh qonunchilik organi hisoblanuvchi Kongress binosi – Kapitoliyning shundoqqina yonidagi sayyohlik markazida otishma yuz bergani haqida xabar berildi.

Otishma haqidagi xabarlar 15:00 ga yaqin olina boshlandi, boshida ma'lumotlar uzuq-yuluq bo‘lgan. Shunisi ma'lum ediki, sayyohlik markazida o‘t ochilgan va qurbonlar bo‘lgan. Kapitoliy politsiyasi yaqin oradagi ko‘chalarni to‘sib, soqchilar qo‘ygan. Kapitoliyning o‘zida esa barcha eshiklar yopib qo‘yilgan.

Kongress vakillari elektron pochta orqali o‘zlarining ish joylarida qolishlari haqida ogohlantirish olishgan. Baxtli tasodif tufayli Kongressning ikkala palatasi ham shu kuni Pasxa bayrami munosabati bilan yig‘ilmagan. Bundan tashqari, xavfsizlik nuqtai nazaridan Oq uy ham yopib qo‘yilgan.

Qo‘riqlash xizmati boshlig‘ining aytishicha, soat 14:39 larda "yoshi katta erkak Kapitoliydagi sayyohlik markazining shimoliy punktiga tekshiruvdan o‘tish uchun kelgan.
Tekshiruv paytida u qurol olib, uni politsiya xodimlariga yo‘naltirgan. Xodimlardan biri erkakni nishonga olib, unga o‘q uzgan. Tibbiy xodimlar yaralangan erkakka yordam ko‘rsatishgan.

U shifoxonaga yetkazilgan. Kapitoliy politsiyasi boshlig‘ining ma'lum qilishicha, u shifoxonaning operatsiya bo‘limiga yotqazilgan, uning ahvoli hozircha noma'lum.

Ushbu hodisa oqibatida jinoyatchi yonida turgan 35-45 yoshlardagi ayol ham jarohat olgan. Politsiya xodimlaridan birortasi jabrlanmagan. Politsiya boshllig‘ining aytishicha, bu erkak ushbu hududda avval ham kuzatilgan.

Jinoyatchining ismi rasman ma'lum qilinmagan, biroq mahalliy telekanallar u Tennesi shtatida yashovchi 66 yoshli Larri Rassel Douson ekanligini ma'lum qilgan. Ta'kidlanishicha, bu odam 2015 yil oktabrda ham Kongressga kirib, vakillar palatasi yig‘ilishida o‘zini "payg‘ambar" deb e'lon qilgan. O‘shanda u qo‘riqchilar tomonidan binodan tashqariga olib chiqib tashlangan. Keyinroq u politsiyachiga hujum qilishga uringan. Umuman olganda, u Kapitoliyni nazorat qilgan maxsus xizmatlar kuzatuvida bo‘lgan.

Otishma yuz bergan joy barcha uchun ochiq bo‘lib, aynan u yerga Kongressga kirmoqchi bo‘lgan sayyohlar boradilar. Kongressga kiraverishlar alohida nazorat ostida bo‘lib, ular avtomatlar bilan qurollangan politsiyachilar tomonidan qo‘riqlanadi.

Top