Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
1 sentabrdan Qozog‘istondagi maktablar besh kunlik o‘qish tartibiga o‘tadi
Qozog‘iston rahbarining topshirig‘iga ko‘ra, shu yilning 1 sentabridan umumta'lim maktablarida 1-sinf o‘quvchilari uchun besh kunlik o‘qish tartibi kuchga kiradi.
"Birinchi sinf o‘quvchilari 1 sentabrdan 1 iyunga qadar ta'lim oladilar", deb xabar beradi Qozog‘iston respublikasi Fan va ta'lim vazirligining matbuoti xizmati.
Avvaliga besh kunlik o‘qish tartibiga o‘tish 2017 yildan bo‘lishi rejalashtirilgan edi, lekin endilikda bu tartib shu yilning o‘zida joriy etiladigan bo‘ldi.
Keyinchalik 2017 yilda ikkinchi, beshinchi, yettinchi va to‘qqizinchi sinflar ham besh kunlik o‘qish tartibiga o‘tadi. 2018 yilda esa qolgan barcha sinflar ham yangi tartibga muvofiq ta'lim oladilar.
Matbuot xizmatida ma'lum qilishlaricha, besh kunlik ta'limga o‘tish o‘quv dasturining yangilanishi bilan bog‘liq. Yangi o‘quv dasturlari Nazarbayev Zakovat Maktabi dasturlariga asoslangan.
Ta'lim dasturlari jahonning eng ilg‘or tajribalariga muvofiq ishlab chiqiladi.
Qozog‘iston bosh vazir o‘rinbosari Darig‘a Nazarboyevaning ta'kidlashicha, maktab yuklamasi bolalar sog‘lig‘iga katta ta'sir ko‘rsatmoqda va ular o‘zlarini tiklab olishlari uchun bir kun kamlik qilmoqda.
"Biz shanba kuni bolalarning har tomonlama rivojlanishlari uchun imkoniyat yaratamiz, masalan, bu kuni ular til o‘rganish kurslariga yoki sport seksiyalariga borishlari mumkin. Yana bir jihati, biz asosiy tarbiyani oilada olamiz, shanba kuni bolalar yaqinlari bilan muloqot qilib, oilaviy an'analarda ishtirok etishlari mumkin", - dedi u.