18:37 / 30.03.2016
1378

DM: Buyuk Britaniya YeIdan 1,6 mln muhojirni qabul qildi

Britaniyaning Daily Mail nashri yozishicha, Birlashgan qirollik oxirgi to‘qqiz yil mobaynida Yevropa Ittifoqining turli mamlakatlaridan kelgan 1,6 milliondan ortiq insonni o‘z bag‘riga olgan.

Nashrning qayd etishicha, 2006 yildan 2014 yilgacha tashkilot ichida to‘siqsiz harakatlanish qoidasiga ko‘ra, kuniga 500 nafar mehnat muhojiri Britaniyaga kirib kelgan. Buning natijasida ijtimoiy infratuzilmalar yuklamasi keskin oshgani mamlakat rahbariyatining xavotiriga sabab bo‘lmoqda.

Britaniyaning bandlik masalalari bo‘yicha kichik vaziri Priti Patelning aytishicha, «immigratsiyaning yuqori darajasi tufayli vujudga kelgan bosimga uy-joy fondi, ta'lim muassasalari va sog‘liqni saqlash sohasi dosh bera olmayapti».

Uning so‘zlariga ko‘ra, YeI tarkibidan chiqish bilan Buyuk Britaniya chegara nazoratini kuchaytiradi va muhojirlar oqimini me'yoriga keltiradi.

Aytish joizki, muhojirlarning ko‘payishi bilan ishchi kuchi arzonlashmoqda va mahalliy britaniyaliklarning ish haqi keskin tushib ketmoqda.

Shu yilning 23 iyunida Buyuk Britaniyaning YeIga a'zoligiga oydinlik kirituvchi referendum o‘tkaziladi.

Bundan avval, Britaniya tashkilot tarkibidan chiqadigan bo‘lsa, 145 mlrd dollar zarar ko‘rishi aytilgan edi.

Top