10:55 / 30.03.2016
2060

Hamshira o‘qotar jarohati bor bemorning fotosini WhatsApp orqali jo‘natgani uchun ishidan haydaldi

Rossiyaning Amur viloyati Mazanov tumani jarrohlik bo‘limi hamshirasi shifokorlik sirini buzgani uchun ishidan bo‘shatildi, deb xabar berilmoqda viloyat prokuraturasi saytida.

Ma'lum bo‘lishicha, 2016 yil 14 fevralda kasalxonaning qabul bo‘limiga o‘qotar jarohat bilan mahalliy fuqarolardan biri olib kelingan.

"Bemorga tibbiy yordam ko‘rsatish vaqtida jarrohlik bo‘limi hamshirasi uning roziligisiz uni suratga olgan. So‘ngra hamshira WhatsApp orqali bemorning suratini o‘zining tanishiga yuborgan, u esa bu suratni internetga joylashtirgan. Shu sababli bemorning surati cheklanmagan miqdordagi odamlar ixtiyoriga havola etilgan", deyilmoqda xabarda.

Ta'kidlanishicha, shartnomaga ko‘ra, hamshira shifokorlik sirini oshkor etmasligi, jumladan bemorni uning roziligisiz suratga olishga haqli emasdi.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra hamshira o‘z lavozimidan bo‘shatildi, katta hamshira esa hayfsan oldi.

Rossiyalik tibbiy xodimlar tomonidan bunday holatga birinchi bor yo‘l qo‘yilayotgani yo‘q: avvalroq Nijniy Tagil kasalxonasida hamshira operatsiya vaqtida bemor fonida suratga tushib, uni internetga joylashtirgani ma'lum qilingandi.

Top