20:08 / 30.03.2016
1415

Kasbida ota mast o‘g‘lini bexosdan o‘ldirib qo‘ydi

Obidjon 6 nafar farzandining to‘ng‘ichi Erkinjonning fe'li biroz tajangligini yaxshi bilardi. Ammo ulg‘aysa quyilib qolar, deya doim ra'yiga qaradi. Erkinjon Qarshi shahrida turli yumushlarni bajarib pul topsa-da, otasidan ham pul so‘rab janjalga bahona izlardi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.

Onasining vafotiga go‘yoki otasi aybdordek, kunora u bilan tortishardi. O‘sha kuni ham shunday bo‘ldi. Obidjon ertalab mashinasini ta'mirlatish uchun Qarshi shahriga keldi. Kun bo‘yi ustaxonada qolib ketdi. Uyga qaytganida qorong‘i tushgan edi. Ikkinchi o‘g‘li Olimjonga mollarga xashak berishini tayinladi. Keyin ovqatlandida, dam olish maqsadida yotiqqa bosh qo‘ydi.

Eshikning taraqlab ochilishidan otaning xayoli qochdi. Ilkis o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Eshik oldida Erkinjon g‘azabnok nigohlari bilan unga tikilib turardi. U mast edi.
So‘ngra u otasini haqoratlay boshladi. Obidjon o‘g‘lining harakatlarini kuzatib turarkan, hozir unga gapirishning foydasi yo‘qligini, unga qarshi gap aytsa, janjal jiddiy tus olishini yaxshi bilardi.

Otasining bu tarzda bosiqlik qilishi uning battar jahlini chiqardi. Kutilmaganda unga tashlanib, ichkari xonaga tortqilay boshladi. Ota dasturxon chetida turgan pichoqni olib o‘g‘lini qo‘rqitmoqchi bo‘ldi. Ammo Erkinjon otasining yuziga musht tushirib, uni yerga qulatdi. Keyin esa engashib otasini sudramoqchi bo‘lganida, ko‘ksiga bir nima sanchilgandek bo‘ldi.

Ota qo‘lidagi pichoqni tomga uloqtirdi. Tezda kiyimlarini almashtirib, Erkinjonni mashinasiga soldi. Lekin uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmadi. Obidjon odamzod ko‘tara olmaydigan yuk, ya'ni o‘z farzandining qotili degan og‘ir yukning ostida qoldi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kasbi tumani sudi tomonidan Obidjon Mustafoqulovga ushbu jinoyati uchun 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Top