Jahon | 17:54 / 30.03.2016
1587
2 daqiqa o‘qiladi

Nazarboyev Rossiyaga qarshi sanksiyalarni tezroq bekor qilishga chaqirdi

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Bryusselga uyushtirgan ishchi tashrifi chog‘ida Yevropa kengashi raisi Donald Tusk bilan uchrashdi.

Nazarboyev muloqot chog‘ida YeIning Rossiyaga qarshi sanksiyalarini bekor qilish masalasini ijobiy hal etish zarurligiga urg‘u bergan.

«Biz mintaqadagi siyosat, xususan Ukraina muammosi va kuchli salbiy ta'sir ko‘rsatayotgan Rossiyaga qarshi sanksiyalar borasida fikr almashib, Yevropa hamda Rossiya uchun ham va albatta sanksiyalar ta'siridan aziyat chekayotgan Qozog‘iston uchun ham foydali shartlarda ziddiyatga barham berish uchun hamkorlik qilishga kelishib oldik», — degan Nazarboyev Jan Klod Yunker bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng.

Bundan tashqari, Nazarboyev Ostonada xalqaro moliya markazini tashkil etishda Yevropa ishtirok etishiga umid bildirgan.

«Yevropa bizning islohotlarimiz, sarmoya va sanoatlashtirish siyosatimizni qo‘llab quvvatlashini hohlaymiz. Men ularni EKSPO-2017 xalqaro ko‘rgazmasiga taklif etib, shundan so‘ng Ostonada xalqaro moliya markazini tashkil etish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdim», — deb aytgan Qozog‘iston rahbari.