Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda 2019 yil oxiriga qadar pochta aloqasi obektlarida 1800 ta infokiosk o‘rnatiladi
Milliy matbuot markazida pochta aloqasi milliy operatori – “O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati faoliyatining asosiy yo‘nalishlari masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.
“O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Sh.Otamuhammedov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz ma'naviyati va ijtimoiy-siyosiy faolligini yuksaltirish, mamlakatimiz va xorijda ro‘y berayotgan voqea-hodisalar xususida aholini tezkor xabardor qilish masalasiga alohida e'tibor qaratilayotganini ta'kidladi.
1994 yilda mamlakatimiz Butunjahon pochta ittifoqining to‘laqonli a'zosiga aylangan. Bugungi kunda dunyoning 130 dan ortiq mamlakatining pochta ma'muriyatlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa yo‘lga qo‘yilgan.
Ayni paytda «O‘zbekiston pochtasi» aksiyadorlik jamiyati tarkibida uchta ixtisoslashtirilgan filial – «Xalqaro pochtamt», «O‘zbekiston markasi» va «Xalqaro tezkor pochta», Pul o‘tkazmalari nazorati markazi, 14 mintaqaviy filial, 178 tuman va shahar tarmoqlari, uch mingga yaqin aloqa bo‘limlari faoliyat yuritmoqda.
Matbuot anjumanida “O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan xodimlar malakasini oshirishga alohida e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi. Jumladan, har yili 4500 ga yaqin xodim o‘z malakasini oshirmoqda.
Joriy yilda pochta aloqasi obektlarida 56 infokiosk o‘rnatilishi belgilangan. 2019 yil oxirigacha bu ko‘rsatkich 1800 ga yetadi. Shuningdek, istiqbolda «Mobil qurilmalar vositasida to‘lovlarni qabul qilishning avtomatlashtirilgan tizimi» dasturiy modulini yaratish, «Internet-obuna» tizimi qamrovini kengaytirish, pochta orqali ko‘rsatiladigan sug‘urta xizmatlari turi va hajmini oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, kasb-hunar kollejlarining 1,9 mingdan ziyod va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda uning filiallarining 890 bitiruvchisini pochta aloqasi, iqtisodiyot, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, buxgalteriya va menejment kabi mutaxassisliklar bo‘yicha ish bilan ta'minlash rejalashtirilmoqda.