Jahon | 16:01 / 30.03.2016
2572
2 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreya hukumati xalqini ochlikka tayyor turishga chaqirdi

Shimoliy Koreya xalqi yana bir bor ochlikni qarshi olishga tayyorlanmoqda. Ilgari, aniqrog‘i, 1990 yilda KXDRda to‘rt yillik ochlik kuzatilgan edi. Bu haqda Koreya Mehnat partiyasi nashri bo‘lmish “Nodon sinmun” gazetasi ma'lumotiga asoslanib, The Telegraph xabar bermoqda.

“Inqilob yo‘li uzoq va mashaqqatli bo‘ladi, — deyiladi maqolada. — Biz balki, o‘tgan safarnikidek, ochlikka yo‘liqib, o‘simliklar tomiri bilan oziqlanishimizga to‘g‘ri kelar”.

“Agar bizga hayot bilan vidolashuv to‘g‘ri kelsa ham, umrimiz so‘ngiga qadar rahnamoimiz Kim Chen Inga sodiq qolamiz”, — deb yozadi nashr.

Gazetada chiqqan maqolada G‘arb mamlakatlarining KXDRga nisbatan qo‘llagan yangi sanksiyalari haqida gap boradi. Mart oyida AQSh prezidenti Barak Obama tomonidan KXDRga qo‘yilgan yangi cheklovlarga muvofiq AQShning birorta kompaniyasi Shimoliy Korea bilan savdo-sotiq, moliya, transport, tog‘-konchilik sanoati va energetika sohasida hamkorlik qilmaydi.

Bundan tashqari, 2 martdan boshlab BMT Xavfsizlik Kengashining yangi sanksiyalari ham ushbu mamlakatga qarshi qo‘llanildi. Unda Shimoliy Koreaga boradigan va undan kelayotgan yuk mashinalari majburiy tekshiruvdan o‘tkazilishi, o‘qotar qurol sotish va tashishning taqiqlovi kabilar joy olgan.