Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shtaynmayyer: Markaziy Osiyo strategik ahamiyatdagi mintaqadir
Germaniya tashqi ishlar vaziri Frank-Valter Shtaynmayyerning bayonot berishicha, Markaziy Osiyo mintaqasi strategik jihatdan muhim ahamiyatga egadir. Ma'lumki, Germaniya tashqi ishlar vaziri 29 mart kunidan mintaqaga tashrifini boshladi. U safari mobaynida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonda bo‘ladi.
Shtaynmayyer ushbu mamlakatlarning davlat va hukumat rahbarlari, shuningdek, jamoat tashkilotlari vakillari bilan uchrashadi.
Muzokaralarda, ikki tomonlama aloqalarga oid masalalardan tashqari, terrorizmga qarshi kurash, mintaqaviy va YeXHT doirasida iqtisodiy hamkorlik muammolariga e'tibor qaratiladi. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi sifatida Shtaynmayyer shuningdek, tashkilotning mintaqadagi faoliyati xususida keng tasavvur hosil qilish niyatida.
U bilan birga, mintaqa mamlakatlariga Germaniya Bundestagi deputatlari, iqtisodiy va madaniy soha vakillari ham tashrif buyuradilar.
«Markaziy Osiyo strategik mintaqadir. Ko‘p hollarda xalqaro hamjamiyatning e'tiboridan chetda qolayotgan bu hududda, Rossiya, Xitoy va Eron kabi yirik davlatlarning manfaatlari to‘qnash keladi», — deb qayd etgan Germaniya tashqi ishlar vaziri.
«Bu yerda, ulkan iqtisodiy imkoniyatlar bilan birga barqarorlikka qarshi sabablar saqlanib qolayotgani bizni befarq qoldira olmaydi. Ayni chog‘da, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ijtimoiy-madaniy va iqtisodiy sohalarda hamkorlikni rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjud. Shuning uchun ham, Germaniya va YeXHT mintaqada faol ish olib bormoqda», — deya bayonot bergan Frank-Valter Shtaynmayyer.