13:45 / 30.03.2016
1553

Tanishlarining 150 mln so‘mdan ziyodroq tillasini o‘zlashtirib yuborgan firibgar ayol sudga tortildi

Barchin (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) yaqin dugonasi Maktubaning uyiga mehmon bo‘lib keldi. Maktuba o‘g‘lini uylantirmoqchi bo‘layotganini, pul yetmayotgani sabab tillalarini sotishga majbur bo‘layotganini dugonasiga aytadi. Bu haqda “Ogoh” nashri yozmoqda.

Dugonasining bu so‘zlari mehmonning yuragiga cho‘g‘ solib qo‘ydi. U qanday qilib bo‘lmasin tillalarni qo‘lga kiritish haqda o‘ylay boshladi. Ammo dilidagilarni sezdirmay, unga yordam bera olishini xotirjam tarzda aytdi.

U so‘zini tasdiqlash uchun yonida bo‘lgan 300 AQSh dollarini berib, dugonasidan narxi 900 AQSh dollari turadigan mayda brilliant ko‘z toshli gul shaklida yasalgan to‘plam va narxi 1000 AQSh dollarilik katta ko‘k zumrad ko‘zli bir juft zirakni oldi. “Qolgan pullarni bo‘lib-bo‘lib, 3-4 oyda beraman” deb, pasport nusxasining orqa tarafiga tilxat ham yozib beradi.

2014 yil 7 avgustdan 2015 yilning iyun oyiga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida Maktubadan qolgan tillalarni sotib berishni va'da qilib, ularni uning uyidan olib chiqib ketadi. Har oyda u dugonasiga 300 AQSh dollaridan berib turadi. Ammo to‘satdan pul kelishi to‘xtab qoladi. Barchin Maktubaga 2880 AQSh dollari va 6670000 so‘mlik, jami 13978115 so‘mlik tilla taqinchoqlarni sotib beraman deya, va'dasini bajarmaydi.

Maktuba bo‘lib o‘tgan voqea yuzasidan ichki ishlar idoralariga ariza bilan murojaat etadi. Tezkor xodimlar arizada nomi keltirilgan aybdor Barchin Mamatovani ko‘p o‘tmay qo‘lga oladilar. Shunda Barchinning boshqa qilmishlari ham ayon bo‘ladi.

2015 yilning may oyi oxirlarida Barchin Dilfo‘za Zurobovaning ham ishonchiga kirib, uning bir dona uzuk va ziragini sotib berib, 1280000 so‘mlik tilla zanjirini sotib berishni va'da qilib, bergan va'dasini bajarmay, pullarni o‘z ehtiyoji uchun sarflab yuboradi.

Shuningdek, u tanishi Gorgul Yaxshiyevani ham aldash niyatida, uning Bektemir tumanidagi uyiga kelib, tilla zanjiri va ziragini sotib berishni va'da qiladi. Avvaliga 1092000 so‘m berib, uning ishonchiga kiradi va qolgan 700000 so‘m miqdordagi pulni bermay, ularni sarflab yuboradi.

Sud B.Menliyevaga nisbatan jazo tayinlashda uning shaxsini, muqaddam sudlanmaganligini, yoshini (1981 yilda tug‘ilgan), yashash joyidan ijobiy tavsiflanishini, ayolligini, turmush o‘rtog‘i hech qayerda ishlamasligi, oilada yagona boquvchi ekanligini, qarmog‘ida to‘rt nafar voyaga yetmagan farzandi borligini, kenja farzandi bir yoshda ekanligini, jabrlanuvchilarning da'vosi borligini hamda jinoyatni g‘arazli va past niyatda qilganligini, yetkazilgan zararni miqdorini va og‘irlashtiruvchi holatlarni inobatga olgan holda, ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashni O‘zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari, ya'ni insonparvarlik va odillik prinsiplariga asoslangan holda, ish bo‘yicha uning aybini yengillashtiruvchi holatlarni inobatga olib, uni jamiyatdan ajratmagan holda qayta tarbiyalash mumkin, degan qat'iy xulosaga kelib, unga nisbatan shartli hukm qilib, sinov muddati belgilashni muvofiq, deb topdi.

Top