O‘zbekiston | 14:33 / 30.03.2016
4660
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent YHXB haydovchilarni videoqayd tizimi ishga tushishi haqida ogohlantirdi

O‘zbekiston poytaxtining 120ta chorrahasida kameralar o‘rnatish ishlari poyoniga yetib, yo‘l harakati qoidalarini buzish hollari sinov tariqasida videotasvirga olinmoqda. Ilk bosqichda, kameralar davlat raqami va mashina tezligini qayd eta oladi.

Poytaxtning yirik chorrahalarida yo‘l harakatini videokuzatish tizimi yaqin oylarda ishga tushiriladi, deb ma'lum qilgan Toshkent shahar YHXB rahbari podpolkovnik Barat Mamenov Sputnik O‘zbekiston muxbiriga bergan intervyusida.

"Yangi tizimda dispetcherlik xizmati bilan bog‘langan videokuzatuv kamerasi va patrul mashinalari alohida o‘rin tutadi. Birinchi bosqichda, kameralar tomonidan avtomobili tezligi va davlat raqami, shuningdek, qizil chiroqda o‘tish holati qayd etiladi", – deb tushuntirgan podpolkovnik.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi tizim joriy etilishi uchun keng qamrovli ishlar amalga oshirilgan. Xususan, yo‘l harakatiga oid qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilgan, yangi yo‘l belgisi paydo bo‘lgan. Bu belgi, haydovchilarni yo‘lning ma'lum bir qismida videokuzatuv mavjudligidan ogohlantiradi.

"Mabodo, kamera YHQ buzilishini qayd etgudek bo‘lsa, avtomobil egasining uyiga jarima to‘g‘risida maktub keladi. Bunda, ayni qoidabuzarlik vaqtida mashinani kim boshqargani muhim emas. Ammo, avtomobil egasi, YHQ boshqa shaxs tomonidan buzilganini isbotlay olsa, jarima aybdor haydovchi nomiga qayta rasmiylashtiriladi", – deb qayd etgan Toshkent shahri YHXB rahbari.

Shu bilan birga, qoidabuzarlikni avtomatik qayd etishda bayonnoma tuzilmaydi, aksincha videokameralardan olingan ma'lumotlarga asosan qaror chiqariladi. Bu, o‘z navbatida, DAN xodimlarining aralashuvini yo‘qqa chiqaradi hamda korrupsiya holatlarining kamayishiga asos bo‘ladi.

O‘zbekistonda besh yildan buyon qoidabuzarliklarni videoqayd etish tizimi qo‘llanayotganiga qaramay, o‘tgan yildan boshlab kamera vositasida qayd qilingan YHQ buzilishiga ham ma'muriy javobgarlik joriy qilindi. 2016 yilning mart oyidan boshlab yangi tahrirdagi yo‘l harakati qoidalari amal qila boshladi.