O‘zbekiston | 22:05 / 30.03.2016
1994
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yangi transport halqasi qurilishi tufayli uyi buziladigan xonadon egalari ogohlantirilgan

Toshkentdagi Nurafshon ko‘chasi Beruniy ko‘chasi bilan kesishmadan Uyg‘ur ko‘chasiga va undan Chilonzor-Oqtepa maydoniga uzaytiriladi. Bu haqda 28 mart kuni avtomobil yo‘llari va ko‘priklar qurilishi, ba'zi yo‘nalishlardagi tramvay yo‘llarining demontaj qilinishi munosabati bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Toshkent shahri hokimi Rahmonbek Usmonov ma'lum qilgan.

«Bu esa ushbu oraliqdagi bo‘sh turgan maydon va ko‘chalar hamda bir qator aholi xonadonlarining buzilishi hisobidan amalga oshiriladi. Uylari buzilishga tushadigan xonadon egalari o‘z vaqtida bu haqida ogohlantirilgan va ularning huquqlari ta'minlanishi kafolatlangan», — deydi Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati rahbari Husan Ermatov.

Ushbu yo‘lning Oqtepaga tutashishi natijasida mazkur maydondagi ko‘prikka tushadigan yuklama ortadi, shu sababdan mazkur yo‘l o‘tkazish nuqtasida ham rekonstruksiya ishlari amalga oshiriladi. Bu yo‘l Muqimiy ko‘chasi bo‘ylab davom etib, Shota Rustaveli ko‘chasi bilan kesishadi va bu yerda ham yo‘l o‘tkazgich quriladi.

«Poytaxt yo‘llaridagi shu va yana bir qator qurilish va yo‘llarning uzaytirilishi natijasida yangi — uchinchi halqa yo‘li paydo bo‘ladi. Bu esa shahrimiz markazidagi transport harakatini anchagina maromga keltirishi kutilmoqda», — deydi Husan Ermatov.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish