Erdo‘g‘an: YeI davlatlari terrorizm tahdidi haqida to‘liq tushunchaga ega emas
Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning fikricha, Yevropa Ittifoqidagi ko‘plab mamlakatlar terrorizmdan keladigan tahdidni to‘liq anglab yetishmayapti va shu tufayli terrorizmga qarshi kurash oqsamoqda. U bu fikrlarini CNN telekanaliga bergani intervyusida aytib o‘tgan.
"Biz davlatlarni terrorizmga qarshi birgalikda turishga chaqiramiz. Lekin YeIdagi bir qator davlatlar terror tahdidi haqida yaxshi tushunchaga emasga o‘xshaydi", deydi turkiyaliklar rahbari.
CNN tomonidan qayd etilishicha, Erdo‘g‘an YeI davlatlarini terrorizmga qarshi kurashda mas'uliyatsizlik ko‘rsatayotgani uchun tanqid ham qilgan. U Anqara Bryusselga jangarilardan biri haqida ma'lumot yuborgani, belgiyaliklar 22 mart kungi teraktning oldini olisholmaganini eslatib o‘tgan.
"Ma'lumotlar almashishni yo‘lga qo‘yishimiz kutilgan samarani bermayapti", degan u.
Erdo‘g‘an Turkiya hukumati IShIDga qarshi kurashni davom ettirishini ta'kidlagan. "Biz Yevropa davlatlaridan ham shuni kutamiz", degan Turkiya prezidenti.
Bundan oldinroq, Turkiya prezidenti Toyib Erdo‘g‘on, 18 mart kuni Chanaqqal'ada bo‘lib o‘tgan “Dardanel operatsiyasi” bir yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda nutq so‘zlar ekan, Bryusselda sodir etilishi mumkin bo‘lgan teraktlar haqida gapirgani xabar qilingandi.
22 mart kuni Bryussel aeroportida ikkita portlash sodir etildi. Ko‘p vaqt o‘tmasdan Bryusseldagi metro stansiyalarida ham 4ta terakt amalga oshirildi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, portlashlar oqibatida 31 kishi halok bo‘lgan, 300dan ortiq kishi jarohatlangan.
Teraktdan keyin Turkiya Bryusselda o‘zini portlatgan jangarilardan biri Ibrohim Bakraviyni 2015 yilning yozida Gaziantep hududida o‘tkazilgan amaliyotlardan keyin terrorizmga aloqadorligi uchun qo‘lga olib, Belgiyaga deport qilgani haqida ma'lum qilindi.
"Biz Belgiya elchixonasini bu haqida ogohlantirgandik. Ular esa bu terrorchini qo‘yib yuborishgan. U yollanma jangari edi, Belgiya hukumati esa bunga e'tibor qaratmadi", deydi Erdo‘g‘an.