Jamiyat | 22:26 / 31.03.2016
1665
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda o‘tgan yarmarkada 100 dan ortiq innovatsion texnologiya va ishlanmalar namoyish etildi

Jizzaxda IX Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar hududiy yarmarkasi o‘tkazildi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi, viloyat hokimligi, viloyat hududiy innovatsiya faoliyati va texnologiyalar transferi markazi hamkorligida tashkil etilgan yarmarkada hududdagi ilmiy-ishlab chiqarish markazlari, oliy o‘quv yurtlari, “Jizzax” maxsus industrial zonasidagi korxonalar tomonidan 100 dan ortiq innovatsion texnologiya va ishlanmalar namoyish etildi.

Ko‘rgazmadagi energetika, energiya tejamkor, qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish, axborotlashtirish va axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, biotexnologiya, atrof-muhit muhofazasi, sanoat texnologiyalari va nanotexnologiyalar ekspertlar hamda ishlab chiqaruvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

– Yarmarkada institutimiz yosh olimlari va tadqiqotchilari yo‘lsozlik, transport, qurilish sohasidagi yangi texnologiya va ishlanmalari bilan ishtirok etdi, – deydi Jizzax politexnika instituti rektori Ergash Soliyev. – Ushbu ko‘rgazma tadqiqotchilarimiz uchun respublika yarmarkasi oldidan o‘ziga xos sinov vazifasini o‘tamoqda.

Tadbir davomida sanoat korxonalari va tashkilotlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari bilan yangi texnologiya, loyiha va ishlanmalarni xarid qilish, sotish yuzasidan ko‘plab shartnomalar imzolandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish