Jahon | 18:07 / 31.03.2016
2216
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston prezidentining qizi onasining familiyasini olishga qaror qildi

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayevning kenja qizi Aliya onasining qizlik familiyasini olishga qaror qildi.

Mart oyida Bishkekda davlat rahbarining kenja qizi Aliya Shagiyevaning "Metamorfozlar" nomli ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. U suratlar savdosidan tushgan barcha pullarni "Santerra" Daun sindromi bilan kasallangan bolalar ota-onalarining ijtimoiy fondiga o‘tkazishga qaror qildi. Biroq Qirg‘izistonda ko‘pchilik buni yaqinlarining mavqesidan foydalanib o‘zini ko‘rsatish yo‘li deb tushundi va uni tanqid ostiga olishdi.

"Men butun umr o‘zimni onamning familiyasi bilan tanishtiraman, yaqinlarimning mavqesidan foylanayotganlikda ayblamasliklari uchun hattoki pasportimni ham almashtiryapman", - deydi Aliya.

Qiz shuningdek oilada mashhur siyosatchining mavjudligi tufayli ortiqcha e'tibor uning uchun og‘ir yuk ekanini ta'kidlagan. Uning aytishicha, hattoki maktabda berilgan savolga to‘g‘ri javobni bilsa ham o‘zini ko‘rsatayapti deb o‘ylamasliklari uchun qo‘l ko‘tarishga uyalgan.

Qirg‘iziston prezidenti odatda oilasini ortiqcha ko‘z-ko‘z qilmaydi, shuning uchun u haqida ma'lumotlar juda kam. Atambayevning ikki turmushidan 6 nafar farzandi bor - 3 qiz, 3 o‘g‘il. Uning ikkinchi ayoli Raisa Atambayeva kasbiga ko‘ra shifokor, tibbiyot fanlari nomzodi.