10:30 / 31.03.2016
1733

Toshkentda o‘tgan biznes masalalariga oid davra suhbati ishtirokchilarga manzur bo‘ldi

O‘zbekistonda savdo-sotiq va investitsiyaga qiziqqan AQShning 13 ta yirik kompaniyasidan kelgan 30 dan ortiq vakillar o‘tgan hafta O‘zbekiston hukumati bilan munozara hamda ishbilarmon doiralar, jumladan qator mahalliy kompaniyalar va O‘zbekistondagi Amerika savdo palatasi a'zolari bilan uchrashuvlarda qatnashish uchun Toshkentga tashrif buyurdi.

24 mart kuni, elchi Spratlen AQSh-O‘zbekiston hukumat-biznes davra stolining ko‘p sonli ishtirokchilari huzurida nutq so‘zladi. Amerika kompaniyalari tashrifi Amerika savdo palatasi, O‘zbekiston hukumati, AQSh elchixonasi, AQSh tijorat departamenti, Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi tomonidan tashkil etildi. Davra suhbatidan ikki kun avval Tijorat departamenti yettita kompaniya vakillaridan iborat delegatsiyani biznes muhiti haqida tadqiqot olib borish uchun O‘zbekistonga olib keldi.

Davra suhbatida o‘zbekistonlik mulozimlar O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati va ustuvor yo‘nalishlari xususida qisqacha so‘zlab berishdi. Shuningdek, ular davra suhbatining alohida diqqat markazida turgan farmatsevtika va sog‘liqni saqlash tizimi texnologiyasi sohalarida amerika firmalari bilan amalga oshirsa bo‘ladigan hamkorlikka qaratilgan alohida sektorga taalluqli ma'lumotlarni ham taqdim etishdi. O‘z navbatida mehmon va mamlakatda faoliyat yuritayotgan boshqa ishbilarmonlar tadbirdagi ochiq forumda O‘zbekistonda biznes yuritish bilan bog‘liq savollar berishdi. Ma'lumotlar almashuvi “biznesdan biznesga” sessiyasida davom etib, unda amerikalik tadbirkorlar o‘zbek kompaniyalari va hukumat mulozimlari bilan tegishli masalalarni muhokama qildi.

Ko‘pgina mehmonlar davra suhbatidan avval ham O‘zbekiston vazirliklari va davlat kompaniyalari vakillari bilan yakkama-yakka uchrashuvlar o‘tkazdi. Qatnashchilar ushbu davra suhbati va boshqa tadbirlar ularga hukumat va biznes vakillari bilan o‘zaro rishtalarni bog‘lashlari uchun O‘zbekistondagi biznes muhiti to‘g‘risida muhim tushuncha va qimmatli imkoniyatlarni taqdim etganini ta'kidlashdi. Ayrim kompaniyalar esa hafta davomida tashkillashtirilgan tadbirlardagi ishtiroki natijasida aniq savdo yoki sarmoyaviy shartnomalar tuzishdan umidvor ekanini bildirdi. 

AQSh elchixonasi matbuot xizmati.

Top