O‘zbekiston | 12:38 / 01.04.2016
2469
2 daqiqa o‘qiladi

“Toshshahartransxizmat” 1 apreldan Toshkentda jamoat transportlarida yo‘l haqi oshishi haqida 1 aprel kuni ma'lum qildi

1 aprel kuni “Toshshahartransxizmat” saytida Toshkent shahridagi jamoat transport vositalarida (avtobus, tramvay va metro) yo‘lkira haqi 1 aprel kunidan 20 foizga ko‘tarilib, 1000 so‘mdan 1200 so‘mga yetgani haqida rasman ma'lum qilindi.

Yo‘nalishli marshrutkalarda esa yo‘lkiralar 1 500 so‘mdan boshlanib, 3000 so‘mgacha.

Kompaniya yo‘lkiralarning oshirilishi sababini yoqilg‘i-moylash materiallari, ehtiyot qismlari va elektr energiyasi sarf-xarajatlari ko‘payganligi bilan izohladi.

Oylik yo‘l chiptalarining yangi narxi haqida esa hozircha ma'lumot yo‘q.

Qayd etish kerakki, 31 mart kuni turli nashrlar, xususan O‘zbekistondagi rus tilida faoliyat ko‘rsatuvchi mahalliy saytlarda bu haqda kompaniyaga asoslangan holda xabarlar berildi.

Kun.uz sayti bu ma'lumotlarni tasdiqlashini so‘rab, “Toshshahartransxizmat” AJ saytida keltirilgan ishonch telefonlariga bir necha marta qo‘ng‘iroq qildi va javob ola olmadi. Kompaniya saytida bu ma'lumot 31 mart kuni yo‘q edi va yo‘lovchilarning aksar qismi 1 aprel kuni yo‘lga chiqqanidagina narxlar o‘zgarganidan xabardor bo‘lishdi. Bu esa haydovchilar va yo‘lovchilar o‘rtasida tushunmovchiliklarni va noqulayliklarni keltirib chiqara boshladi. Aholi bunday ma'lumot haqida oldindan ogohlantirishni so‘ramoqda.

Qayd etish kerakki, mart oyining birinchi qismida Toshkent shahrida 1 apreldan issiq, sovuq suv, gaz uchun to‘lovlar narxi oshirilishi haqida ogohlantirilgandi.