18:48 / 01.04.2016
2624

Elshod Rasulov prinsipial raqibidan ustun kelib O‘zbekiston terma jamoasiga to‘rtinchi oltin medalni keltirdi

Xitoyning Kuinan shahrida boks bo‘yicha XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmalari uchun o‘tkazilayotgan Osiyo va Okeaniya qo‘shma lisenzion chempionatida bugun o‘tkazilgan final janglarida ringga ko‘tarilgan 4 nafar o‘zbekistonlik bokschining barchasi g‘alaba qozondi.

Og‘irlik vazni 81 kg.gacha bo‘lgan bokschilar musobaqasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Elshod Rasulov 2012 yilda Londonda bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlarining kumush medal sovrindori, qozog‘istonlik Adilbek Niyazimbetovni mag‘lub etib, oltin medalga sazovor bo‘lgan. Qayd etib o‘tish joiz, qozog‘istonlik bokschi va Elshod o‘rtasida mazkur vazn toifasida uzoq vaqtlardan buyon o‘zaro qarama-qarshilik murosasiz kechib keladi.

Biroz oldinroq Hasanboy Do‘smatov (-49 kg), Shahobiddin Zoirov (-52 kg) va Shaxram G‘iyasovni (-69 kg) o‘z vazn toifalarida birinchi o‘rinni egallaganliklari haqida xabar berilgandi.

Shu tariqa, birinchi kun bo‘lib o‘tgan final musobaqalaridan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasi hisobida 4 ta oltin medal mavjud.

2 aprel kuni o‘tkaziladigan final janglarida Yodgoroy Mirzayeva (-51 kg) xitoylik Kankan Ren bilan, Rustam To‘laganov (-91 kg) xitoylik Fengkay Yu bilan va nihoyat Bahodir Jalolov (+91 kg) qozog‘istonlik Ivan Dichko bilan bahs yuritadi.

Top