Jahon | 10:40 / 01.04.2016
1688
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘on 1,5 yil mobaynida suriyalik qochqinlar uchun xavfsizlik hududlarini ta'minlashga tayyor

Turkiya 1,5 yil mobaynida Suriyaning shimoliy qismida qochqinlar uchun "xavfsizlik hududlari" yaratishga tayyor. Bu haqida Turkiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘on payshanba kuni efirga chiqqan CNN telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

"Biz Suriya qochqinlari uchun xavfsiz hudud tashkil etib, ular bu yerda yashashlariga imkoniyatlar yaratamiz. Ular uchun maktablar, idoralar quriladi", - deb izoh beradi u.

Erdo‘g‘on ana shunda Suriya qochqinlari Turkiya va boshqa mamlakatlarni tark etib, shu hududga kelishadi deb hisoblaydi.

"Bunday qurilishni amalga oshirishga 1-1,5 yil vaqt ketadi, - deydi u. - Men bu masalada qat'iy qarorga kelib bo‘lganman va unga katta umid bog‘layman".

Shuningdek, Erdo‘g‘on bu to‘g‘risida AQSh prezidenti Barak Obama bilan suhbatlashgani va hattoki o‘z loyihasini amalga oshirish uchun Suriyaning shimolida aniq joylar tanlanganini ma'lum qildi.