Jahon | 11:14 / 01.04.2016
7985
4 daqiqa o‘qiladi

Millionerlar eng ko‘p miqdorda chiqib ketgan davlatlar reytingi tuzildi

New World Wealth konsalting kompaniyasi 2015 yilda millionerlar o‘zi yashab turgan davlatni eng ko‘p miqdorda tark etgan va boshqa davlatga eng ko‘p miqdorda yashash uchun kelgan davlatlar ro‘yxatlari keltirilgan ma'ruza chiqardi.

Millionerlar qatoriga boyligi 1 mln dollar va undan ko‘proqni tashkil qilganlar kiritilgan. Ma'ruza tuzilishida investorning viza olishga so‘rovi va ko‘chmas mulkning sotilishi haqidagi statistik ma'lumotlar, millioner va ekspertlar o‘rtasidagi so‘rovnomalar va OAV ma'lumotlari qo‘llanildi. Shahar va davlatlar kelish va ketishning foiz nisbati emas, balki sonli ko‘rsatkichlari bo‘yicha tabaqalandi (raqamlar minglargacha yaxlitlangan).

Millionerlarning chiqib ketishi bo‘yicha 1-o‘rinni Fransiya egalladi. Bir yil ichida mamlakatdan 1 mln dollardan kam bo‘lmagan davlatga ega 10 ming kishi ko‘chib ketdi. Mamlakatda millionerlar soni 3 foizga, ya'ni 323 minggacha kamayib ketgan. Antireytingning 2-o‘rinini Xitoy egallamoqda, bu yerdan 9 ming millioner ko‘chib ketgan (1 foiz). Biroq shu bilan birga Xitoy "yo‘qotayotgan" millionerlaridan ko‘proq millionerlar "yetishtirmoqda", mamlakatdagi turmush darajasi yaxshilanishi bilan millionerlar yana ortlariga qaytishlari mumkin, deyilmoqda ma'ruzada. 3-o‘rinni Italiya egallamoqda, bu yerdan 6 ming millioner chiqib ketgan (2 foiz).

Ma'ruza mualliflari Fransiyadan millionerlar ketishining o‘sishini mamlakatdagi diniy taranglik bilan tushuntirishmoqda va yaqin 10 yil ichida bu holat kuchayadi. Din bilan bog‘liq salbiy ta'sirga yaqin kelajakda Belgiya, Germaniya, Shvetsiya va Buyuk Britaniya ham duch kelishi mumkin.

2015 yilda millionerlar soni ko‘payotgan davlatlar orasida yetakchi o‘rinni Avstraliya egalladi. 2015 yilda mamlakatga 8 ming millioner kelgan (3 foiz), ularning umumiy soni esa 290 mingga yetgan. 2-o‘rinda AQSh bormoqda, bu yerga 7 ming millioner kelgan. Mualliflar AQShda 4,18 mln millioner borligini hisoblab chiqishdi, shuning uchun foiz hisobida bu ko‘rsatkich deyarli nolga yaqin bo‘ldi. 3-o‘rinni Kanada egallamoqda, bu yerga 5 ming millioner kelgan (2 foiz o‘sish, 292 ming kishi).

Millionerlar chiqib ketgan shaharlar orasida 1-o‘rinni Parij egalladi. 2015 yilda Fransiya poytaxtini 7 ming millioner (6 foiz) tark etgan. Ko‘pchilik parijlik millionerlar Buyuk Britaniya, AQSh, Avstraliya va Isroilga ko‘chib ketgan. Millionerlar kelishi bo‘yicha esa Sidney yetakchi bo‘ldi, bu yerga o‘tgan yili 4 ming millioner yashashga kelgan.

Ma'ruzaga ko‘ra, Rossiya 2015 yilda dollardagi millionerlar eng ko‘p miqdorda chiqib ketgan davlatlar ro‘yxatida 6-o‘rinni egalladi. Ma'ruza mualliflari ma'lumotlariga ko‘ra, Rossiyadan o‘tgan yili 2 ming millioner ko‘chib ketgan, mamlakatdagi umumiy millionerlar soni esa 2 foizga qisqarib, 137 ming kishini tashkil qilgan.

Rossiya o‘sish uchun katta salohiyatga ega, shuning uchun 2015 yilda mamlakatdan millionerlarning chiqib ketishi xavotir uyg‘otmoqda. Ma'ruza mualliflarining fikricha, Rossiyaning asosiy muammolaridan biri "davlatning biznesga nosog‘lom aralashuvi" va "aksilamerikacha pozitsiyasi" hisoblanadi. Bu pozitsiya "ichki investitsiyalarga xalaqit beradi va xorijiy kompaniyalarga Rossiya bozoriga kirishda murakkablik tug‘diradi".