17:34 / 01.04.2016
1632

Salomon Rondon: «Karakasda oilam bilan yashirincha uchrashaman, yo‘qsa ularni o‘ldirib ketishlari ham mumkin»

«Vest Bromvich» jamoasining venesuelalik hujumchisi Salomon Rondon o‘z oilasi yashaydigan vatanidagi hayot haqida so‘zlab berdi.

«Karakasda odatiy hayot kechirilmaydi. Ertalab ishga chiqib ketar ekansan, kech bo‘lganda uyga qayta olishing gumon. Chunki, seni yo‘lda cho‘ntagingdagi arzimagan pul uchun yoki shunchaki sababsiz o‘ldirib ketishlari mumkin. Men Karakasda yashaganman, lekin futbol o‘ynamaganman. Shahardan tashqaridagi bir jamoa a'zosi edim va bu biroz bexavotirroq edi.

Karakasni xaos qamrab olgan. Hozir vaziyat yanada og‘irlashgan. Men u yerdaligimda ahvolga chidasa bo‘lardi, hozir esa u yerda yashab bo‘lmaydi.

Mening oilam o‘sha yerda va men hamisha ulardan xavotirda bo‘laman. Har kuni ularga qo‘ng‘iroq qilaman va ularning ahvolini bilaman. Ba'zida u yerda nimalar ro‘y berayotganini bilish uchun tvitlarni o‘qib chiqaman.

Mening oila a'zolarimni deyarli hech kim tanimaydi. Ularni men bilan ko‘rishlari xavfli. Bu og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bu juda qimmatga tushishi mumkin.

Shunday ekan, men ular bilan faqat uyda birga vaqt o‘tkazishim mumkin. Biz hech qachon birgalikda ko‘chalarda yurmaymiz. Men shaharga borganimda uyimga hech kimga sezdirmasdan kirib olaman. Men u yerda odamlarning diqqatini tortmaslikka harakat qilaman.

Oilam men bilan faxrlanadi. Qarindoshlarimga qo‘limdan kelgancha yordam beraman. Ularning tirik qolishi uchun yordam berishim kerak.

Mening rafiqam va o‘g‘lim bor, lekin ularning kimligini yashirishga majburman. Ular hamisha o‘g‘irlanib ketish xavfi ostida yashashadi. Shuning uchun men tavakkal qilishni istamayman», – deydi Rondon.

Top