10:20 / 01.04.2016
5615

Samarqanddagi Hazrat Dovud ziyoratgohiga tashriflar ta'mirlash ishlari tufayli cheklandi

Samarqand viloyatidagi Hazrat Dovud ziyoratgohida ta'mirlash va qayta qurish ishlari olib borilmoqda. Shu munosabat bilan bir oy davomida ziyorat cheklanadi. Bu haqda "Zarafshon" gazetasi xabar bergan.

Hazrat Dovud ziyoratgohi Samarqand shahridan 40 kilometr g‘arbda, Nurobod tumanining Oqsoy qishlog‘i tepasida joylashgan afsonaviy g‘or hisoblanadi. Rivoyatlarga ko‘ra, Hazrat Dovud temir va toshni eritish qobiliyatiga ega bo‘lgan. Temirchilar uni o‘zlarining piri sifatida ko‘rishadi.

Ziyoratgohda binolar va inshootlar qurish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Yaqin orada markaziy yo‘ldan tog‘ etagigacha bo‘lgan yetti kilometr yo‘l qurilishi tugallanadi, uning bir qismi allaqachon asfaltlangan. Unga tutash joyda 200ta avtomobilga mo‘ljallangan avtoturargoh barpo etiladi.

"Bu yil 3000 dan ziyod archa, qarag‘ay, kashtan, tut va boshqa manzarali daraxt, ko‘plab gul ko‘chatlari ekdik. 5 gektarga yaqin maydonda ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida stol va o‘rindiqlarga ega 50ta yozgi ayvon, 200ta chorpoya qurildi", – deydi Hazrat Dovud ziyortgohi mudiri Fozil Davronov.

Ziyoratchilar uchun ikki va uch o‘rinli kottejlarga bo‘ladi. Shuningdek, 40 o‘rinli uch qavatli mehmonxona qurilishi tugallanmoqda. Uning birinchi qavatida go‘zallik saloni, do‘konlar, boshqa madaniy-maishiy xizmat nuqtalari joylashadi. Ikkinchi qavatda mehmonlar va ziyoratchilarga milliy va yevropa taomlari bilan restoran xizmat ko‘rsatadi. Uchinchi qavat – mehmonxona. Uning chordog‘idan sport zali sifatida foydalanish mo‘ljallanmoqda.

Hududdagi suv muammosiga barham berish uchun 60 tonna sig‘imga ega suv omborchasi barpo etish rejalashtirilgan.

Top