11:53 / 02.04.2016
5246

Limon yoki laymni siqib ko‘chaga chiqmaslik tavsiya etildi

Bahor va yoz mavsumi kelishi hamda kunlar isishi bilan kishi ko‘ngli yengil ovqatlar va yaxna sharbatlarni tusab qoladi.

Bunda, ularni tayyorlash jarayonida ayrim ehtiyot choralarini unutmaslik lozim bo‘ladi. Masalan, laym, limon va shu kabi sitrus mevalar fitofotodermatitni keltirib chiqarishi mumkin. Ko‘pchilik sitrus mevalardan taom tayyorlaganda o‘zlari bilmagan holda ushbu xastalikka duch kelishadi. Mabodo, siz qo‘lingiz yoki tanangizning boshqa qismida qolgan sitrus meva yuqini yaxshilab yuvib tashlamay ko‘chaga chiqsangiz, bir necha daqiqada quyosh kuydirishi yuz beradi. Teri holati tezda yomonlashib, qorayib ketadi.

Morgan Mur fitofotodermatitning achchiq oqibatini o‘z boshidan kechirganlardan biridir. U barbekyuga sharbat tayyorlayotgan vaqtda shunday xastalikka duch kelgan. U laymni siqib, qo‘lini yaxshilab yuvmay ko‘chaga chiqqan. Sharbatning ultrafiolet nurlariga sezgirlikni oshirib yuborishi, quyosh kuydirishi va qo‘l terisining o‘lishiga olib kelgan. Terining to‘liq tiklanishi olti hafta davom etgan.

Morganning aytishicha, u laymni siqqach, qo‘lini yengilgina chayib ko‘chaga chiqqani tufayli shunday noxush holatga duch kelgan. U hovlida 30 daqiqa yurgan bo‘lsada, uning ayanchli oqibati yodidan ko‘tarilmasligini aytar ekan, umrida bunday kuchli og‘riqni his qilmaganini ta'kidlagan.

Shunday ekan, mabodo siz ham sitrus mevalaridan biron yegulik yoki ichimlik tayyorlasangiz, qo‘lingizni zudlik bilan yaxshilab yuving. So‘ngra ko‘chaga chiqish mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, quyosh nuridan himoyalovchi kremlar surtish ham foydadan xoli emas.

Top