Tog‘li Qorabog‘dagi mojaro hududida harbiy harakatlar boshlandi
2 aprelga o‘tar kechasi Tog‘li Qorabog‘da Ozarboyjon-Armaniston nizosi yana yangilandi. "Interfaks" xabariga ko‘ra, armanistonlik harbiylar tomonidan Ozarbayjon vertolyoti urib tushirilgan va shundan so‘ng qarshi tomondan artilleriya orqali javob zarbalari yo‘llangan.
Armaniston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati boshlig‘i Artsrun Ovannisyanning feysbukdagi o‘z sahifasida ma'lum qilishicha, ozarbayjonliklar hujumga o‘tishgan va ikki tomon o‘rtasidagi nizolarga sabab bo‘ladigan Tog‘li Qorabog‘ hududida harbiy harakatlar boshlangan.
U Ozarbayjon tomonidan Armanistondagi tinch aholi istiqomat qiluvchi nuqtalarga hamda harbiy qismlarga artilleriya zarbalari berilayotganini ta'kidlagan.
Uning aytishicha, Armaniston armiyasi qarshi hujumga o‘tishga majbur bo‘lgan.
"Ikki tomonda ham qurbonlar bor. Ozarbayjon tomonining talofatlari ko‘proq, ulardagi harbiy texnikalarga zarar yetgan va bir vertolyot yo‘q qilingan", deydi Ovannisyan.
Qorabog‘ mojarosi, aholisining asosiy qismi armanlardan tashkil topgan Tog‘li Qorabog‘ 1988 yilda Ozarbayjon tarkibidan chiqishini e'lon qilgach boshlangan. Tog‘li Qorabog‘ aholisining 99,89 foizi Bokudan to‘liq mustaqil bo‘lishni yoqlab chiqqan referendumdan keyin, keng ko‘lamli harbiy harakatlar boshlangan. 1994 yil may oyida sulh tuzish haqidagi kelishuvlar kuchga kirdi. Hududlar chegarasida doimiy ravishda beqaror vaziyat saqlanib keladi.
O‘zbekiston Qorabog‘ni Ozarboyjonning tarkibida deb biladi va bu masala xalqaro huquq talablari asosida hal qilinishi kerak, deb keladi.