09:12 / 02.04.2016
2141

Toshkentda voyaga yetmagan o‘quvchi Lacetti mashinasini boshqarib, o‘z do‘stining umriga zomin bo‘ldi

Telegram messenjeri orqali bir foydalanuvchi 26 mart kuni Toshkent shahrining Inter House akademik litseyi yaqinidagi ko‘chada mudhish avtohalokat ro‘y bergani haqida xabar bergandi, deb ma'lum qilmoqda qalampir.uz.

O‘sha kuni Toshkentdagi Inter House hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi akademik litseyning 4 nafar o‘quvchisi Lacetti avtomobiliga o‘tirishgan. Taxminlar va tasdig‘ini topmagan xabarlarga ko‘ra, mashinani Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi akademik litsey o‘quvchisi boshqargan. Tungi soat 22:00 lar atrofida avtomobil Inter House litseyi yaqinida yo‘l-transport hodisasiga uchragan.

Ma'lum qilinishicha, avtomobil katta tezlikda yo‘l chetidagi daraxtga borib urilgan. Natijada avtomobilda o‘tirgan 4 o‘quvchidan 3 tasi og‘ir jarohat olgan, orqa o‘rindiqda o‘tirgan Sherzod ismli yigit esa vafot etgan. Ma'lum bo‘lishicha, vafot etgan yigit Inter House akademik litseyining o‘quvchisi bo‘lgan. Buni “Qalampir.uz” bilan telefon orqali suhbatlashgan litsey direktori ham tasdiqlagan.

Ijtimoiy tarmoqlar, xususan, Telegram messenjerida Inter House akademik litseyi o‘quvchilarining avtomobil borib urilgan daraxtga vafot etgan o‘quvchining suratini ilib, uning xotirasiga o‘sha yerni gullar bilan bezatib qo‘yishgani tasvirlangan suratlar tarqaldi.

 

Top