10:48 / 03.04.2016
1855

Boeing: Shonli tarixning bugungi kuni

Aviatsiya, kosmik va xarbiy texnika ishlab chiqaruvchi  jahondagi eng yirik Boeing Co kompaniyasi 2016 yining iyun oyiga borib tijoriy samolyotlar ishlab chiqarish bo‘limida 4 mingta ish o‘rnini qisqartirishga qaror qildi. Kompaniya vakili  Mark Birtelning so‘zlariga qaraganda, xodimlar majburan bo‘shatilmaydi. Balki fevral oyida e'lon qilingan dasturga ko‘ra, 1 ming 600 nafar xodim o‘z xohishiga binoan ishdan bo‘shaydi.

Shuningdek, 2 ming 400ta ish o‘rni bo‘sh turgani yoki pentsiyaga ketganlarning o‘rni bekor qilinadi. Shuni alohida ta'kidlash kerak-ki, tijoriy samolyotlar ishlab chiqarish bo‘limi hissasiga o‘tgan yili kompaniya ko‘rgan foydaning 68 foiziga to‘g‘ri keladi. Bozor talablariga mos kelishini ta'minlash maqsadida bo‘limning boshqaruv tizimi tubdan o‘zgartiriladi. Tahlilchilarning fikricha, Boeing asosiy raqibi Airbus Group SE bilan raqobatda bo‘lar ekan, xarajatlarni qisqartirishga intilmoqda.

Ish o‘rinlarini qisqartirishdan tashqari kompaniya mijozlar bilan imzolangan shartnomalarni qayta ko‘rib chiqmoqda, xizmat safarlari uchun ajratiladigan xarajatlarni kamaytirmoqda. Sifatni yaxshilash va ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun zarur choralarni ko‘rmoqda. Bu choralarni hayotga tatbiq etish yo‘lida yana ish o‘rinlari qisqartirilishi mumkin. 4 mingta ish o‘rni qisqartirilishi bilan Boeing xodimlari 2,5 foizga kamayadi. Eslatib o‘tamiz, 2015 yilning 31 dekabr holatiga ko‘ra kompaniyada 161 ming nafar kishi mehnat qiladi. O‘tgan yilning oktabr-dekabr oylarida kompaniyaning sof daromadi 1 milliard 30 million dollarga tushib ketdi.

2016 yilda  Boeing jahon bozoriga 740 tadan 745tagacha tijoriy samolyot yetkazib berishni rejalashtirgan. O‘tgan yili 762 samolyot sotgan edi. Yaqinda kompaniya Boeing 747-8 rusumidagi samolyotlar ishlab chiqarilishi shu yilning sentabridan boshlab kamaytirilishi borasida ma'lum qildi.

Amerikaning The Boeing Company korporatsiyasining qarorgohi Illinoys shtatidagi  Chikago shahrida joylashgan. Uning tarkibida ikkita — tijoriy samolyot ishlab chiqaruvchi Boeing Commercial Airplanes va harbiy hamda fazoviy texnika ishlab chiqaruvchi Boeing Integrated Defense Systems bo‘limlari bor. Bundan tashqari korporatsiya tarkibiga moliyaviy masalalar bilan shug‘ullanuvchi Boeing Capital Corporation, infratuzilmalarni qo‘llab-quvvatlovchi Shared Services Group hamda  innovatsion texnologiyalar va jarayonlarni ishlab chiqib, hayotga tatbiq etish bilan mashg‘ul  Boeing Engineering, Operations & Technology ham kiradi.

Ma'lumot uchun:  Uilyam Boing 1881 yilda onasi amerikalik va otasi nemis bo‘lgan oilada tug‘ildi. Uilyam otasi izidan borib, Yyell universitetining muhandislik fakultetiga o‘qishga kirdi. 1903 yilda otasi vafot etgani bois 22 yoshli merosxo‘r o‘rmon biznesi bilan shug‘ullanishga qaror qiladi. O‘tgan asrning 20-yillari AQSh o‘rmon xo‘jaligi uchun rivojlanish davri bo‘ldi. Uilyam Boing Yyell universitetida tahsil olganidan so‘ng, ma'lum muddat o‘rmon sanoatida mehnat qildi. Ayni shu yerda aeroplan yaratish borasida katta tajribaga ega bo‘ldi.

1916 yilning 15 iyun kuni harbiy dengiz muhandisi Jorj Konrad Vestervelt ko‘magi bilan Uilyam Boing tomonidan yaratilgan ikkita B&W gidrosamolyotning biri sinovdan o‘tkazildi. O‘sha yilning 15 iyulida Sietl shahrida  Boing tomonidan The Pacific Aero Products Company deb nomlangan kompaniyaga asos solindi. 1917 yilning 9 mayida kompaniya nomi Boeing Airplane Company deb o‘zgartirildi.  Ikkinchi jahon urushi davrida Boeing frontga katta miqdorda bombardimonchi samolyotlar yetkazib berdi. 1944 yilning mart oyida ishlab chiqarish kengaytirildi. Har oyda 350 dan ortiq samolyot ishlab chiqarildi.

1954 yilning 15 iyulida Boeing 367-80 rusumidagi samolyotning parvozi amalga oshirildi vaa shu tariqa yo‘lovchilarga mo‘ljallangan samolyotlar ishlab chiqarilishiga keng yo‘l ochildi. 1964 — 1967 yillarda Boeing 737 rusumidagi reaktiv yo‘lovchi samolyotlari ishlab chiqarila boshlandi. 1966 — 1969 yillarda uzoq masofaga parvoz qiluvchi Boeing 747 rusumli samolyot yaratildi. 37 yil davomida bu rusumdagi samolyot oldiga tushadigan havo kemasi topilmadi. 2005 yilga kelibgina A380 rusumli samolyot paydo bo‘ldi.

1978 — 1981 yillarda ikki motorli reaktiv Boeing 767 rusumli avialayner yaratildi. 1982 yilning 19 fevral kuni Boeing 757 rusumidagi samolyotning ilk parvozi amalga oshdi. 1990 — 1994 yillarda esa uzoq masofaga uchish borasida rekord o‘rnatgan mashhur  Boeing 777 rusumidagi samolyotlar paydo bo‘ldi.

2004 — 2009 yillarda ancha tejamli bo‘lgan Boeing 787 Dreamliner yo‘lovchi samolyoti ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Kompaniya zavodlari 67ta mamlakat xududida joylashgan bo‘lib, o‘z mahsulotlarini 145 mamlakatga yetkazib beradi. 2001 yilda tashkil etilgan Boeing International AQShdan tashqari 70ta mamlakatdagi kompaniyalar faoliyatini nazorat qilib turadi.

 

Sharofiddin To‘laganov

Top