23:19 / 03.04.2016
1407

Ozarbayjon xalqaro jamoatchilikni Armanistonga ta'sir o‘tkazishga chaqirdi

Qorabog‘ ixtilofidagi hududda qo‘shinlarning to‘qnashish chizig‘idagi keskinlik aqlanib qolmoqda. Bu haqda Ozarbayjon tashqi ishlar vazirligi tarqatgan bayonotda aytilgan.

"Ozarbayjon pozitsiyalarining og‘ir quroldan o‘qqa tutilishi davom etmoqda. Armaniston bosib olgan hududlarda qo‘shimcha raketa va artilleriya kuchlarini joylashtirib, o‘z imkoniyatlarini mustahkamlamoqchi. Bu davlat vertolyotlari bosib olingan hududlar va Armaniston o‘rtasida ko‘p sonda parvozlar amalga oshirmoqda", deyilmoqda bayonotda. Bayonotda "oxirgi yillarda Armanistonning Ozarbayjon harbiylari va tinch aholisiga qarshi minomyotlar, yirik kalibrli pulemyotlar va artilleriyadan foydalangan holda amalga oshirayotgan harbiy ig‘volari jadalroq va tajovuzkor ko‘rinish olgani" ta'kidlanmoqda.

Hujjatda "Armaniston qurolli kuchlarining bosib olingan Ozarbayjon hududlarida noqonuniy joylashishi taranglikning o‘sishi va davom etishiga asosiy sabab bo‘lmoqda va mintaqada tinchlik va barqarorlikka tahdid yaratmoqda", deb ko‘rsatilgan.

"Ozarbayjon yerlarining harbiy okkupatsiyasi ixtilofning yechimi bo‘lib xizmat qilmaydi va hech qachon Armaniston istayotgan siyosiy natijalarga olib kelmaydi. Armaniston haqiqatga qanchalik tezroq ko‘niksa, shuncha tez ixtilof hal qilinadi va bu hududdagi davlatlar va odamlar hamkorlik va iqtisodiy rivojlanish istiqbollaridan foyda oladilar", deb aytilmoqda bayonotda.

Ozarbayjon tashqi ishlar vazirligi xalqaro jamoatchilikni "Armanistondan Ozarbayjon yerlarining noqonuniy bosib olinishini to‘xtatish, barcha bosib olingan hududlardan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketish va ixtilofni tartibga solish jarayonida mzmundorlik namoyish qilishni talab qilishga" chaqirdi.

Top