10:08 / 04.04.2016
2502

Arxitektorlar havodan suv yig‘uvchi konstruksiyani yaratishdi

Architecture and Vision italyan byurosi arxitektorlari Afrikaning eng nochor hududlarida suv yig‘uvchi konstruksiya prototipini yaratishni o‘z oldilariga vazifa qilib qo‘ygandilar. 1000 dollar narxdagi, mahalliy materiallarga asoslangan holda yaratiluvchi Warka Water deb nomlangan bu konstruksiya kuniga 100 litrgacha suv yig‘a oladi.

Warka Water tizimi suv yig‘ishda gravitatsiya, kondensatsiya va bug‘lanishdan foydalanadi hamda elektr energiya talab qilmaydi. Qurilma minora tarzida to‘qib chiqilgan bambuk yog‘ochlaridan iborat bo‘lib, uning ichiga to‘r tortiladi. Bu to‘rga shudring va tumandagi suv tomchilar yig‘iladi va yomg‘ir suvi bilan birga kollektor orqali yagona idishga oqib tushadi.

Arxitektorlar yaratgan tizimni qishloq aholisining o‘zi bemalol maxsus qurilmalar va anjomlarsiz barpo eta oladi. Arxitektorlar konstruksiyaning 12 xil prototipini sinovdan o‘tkazishdi. Eng maqbul konstruksiya 9,5 metr balandlikka va 3,7 metr diametrga ega bo‘lib, bir kun ichida 10 kishi yordamida barpo etiladi.

Bu loyihaning Afrikada amalga oshirilishi va ko‘plab sonda o‘rnatilishi 2019 yilga rejalashtirilgan. Ungacha arxitektorlar suv yig‘ish va narx borasida eng samarali maqbul yechimni topish uchun konstruksiyalarni sinovdan o‘tkazishni davom ettiradilar.

Top