21:30 / 04.04.2016
2025

As Zidan klasiko o‘yinida foydalangan taktik chizmalarni e'lon qildi

As nashrida 2 aprel kuni o‘tkazilgan «Real» va «Barselona» o‘rtasidagi klasiko bahsida qo‘llangan taktik chizmalar chop etildi.

Chizmalarda «Qirollik klubi» bosh murabbiyi Zinedin Zidanning o‘yinga tayyorgarlik davomidagi taktik sxemalari va chizmalari aks etgan.

Qayd etilishicha, nashr bu chizmalarni o‘yin boshlanishidan biroz oldinroq qo‘lga kiritgan.

Xususan, bu chizmalarda «Barselona» futbolchilarini qattiq pressing qilish, madridliklar jamoasi futbolchilari to‘pga egalik qilayotgan raqib futbolchisiga tashlanishi kerakligi ko‘rsatilgan.

Shuningdek, «Barselona»ning hujum chizig‘i vakillarini yarim himoyachilar Andres Inesta va Ivan Rakitichdan uzib qo‘yish lozimligi belgilangan. Bu orqali esa kataloniyaliklarni qanotlardan ko‘proq foydalanishga undashi ko‘zda tutilgan. Rejaga ko‘ra, qanotlarda Daniel Karvaxal va Marselo Hordi Alba va Daniel Alvesni qurolsizlantirishi kerak bo‘lgan. Markaziy himoyachilar Serxio Ramos va Pepe mos ravishda Lionel Messi va Neymarga biriktirilgan. «Barselona»ning qanotlari ham yopilishi orqali markazdan ortadigan bosimga qarshilik ko‘rsatish uchun havbek Kazemiro «Real»ning himoyasini mustahkamlash uchun orqada o‘ynay boshlashi belgilangan.

Shuningdek, futbolchilarga Messining erkin tarzda hujum boshlashiga yo‘l qo‘ymaslik tayinlangan. «Real» himoyachilari Luis Suaresning tezlik olishini diqqat bilan kuzatib turish ko‘rsatma qilingan.

Eslatib o‘tamiz, bu o‘yin yakunda Zidan shoogirdlarining 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

Top