12:40 / 04.04.2016
1542

BMT: Tog‘li Qorabog‘da amalga oshirilgan jangovar harakatlarda 33 kishi qurbon bo‘ldi

O‘tgan dam olish kunlari mazkur mintaqada yuz bergan qurolli ziddiyatlar, kamida 33 nafar insonning hayotiga zomin bo‘lgan, norasmiy manbalarga ko‘ra, 200dan ortiq kishi tan jarohati olgan. BMTning gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi hisobotida shu haqda so‘z yuritiladi. Halok bo‘lganlardan 30 nafari harbiylar, 3 nafari esa tinch aholi vakillaridir. Yaralanganlar borasida rasman aniq ma'lumot mavjud emas.

BMT boshqarmasining xabarlariga qaraganda, harbiy harakatlar olib borilgan hududlarda 14,4 mingga yaqin kishi istiqomat qiladi. Ayni chog‘da, ikkala mamlakat hukumatlari ham, halqaro gumanitar yordamga muhtoj emasliklarini bildirgan.

3 aprel kuni, Armaniston mudofaa vaziri o‘rinbosari David Tonoyan, Yerevan voqealar rivojining har qanday ko‘rinishiga, xususan Tog‘li Qorabog‘ mudofaasi uchun bevosita harbiy yordam berishga ham tayyorligini bildirgan edi.

Tog‘li Qorabog‘ mudofaa armiyasi o‘z navbatida, avvalgi shartlar bo‘yicha Ozarboyjon tomoni bilan sulhga roziligini bildirgan.

Ozarboyjon prezidentining bayonot berishicha, Bokuning ushbu muammoga nisbatan qarashi o‘zgarmasdir, ya'ni mamlakat hududiy yaxlitligi "hech qachon muzokaralar mavzusi bo‘lmagan, bo‘lmaydi ham".

Eslatib o‘tamiz, Tog‘li Qorabog‘dagi ziddiyatli tomonlar o‘rtasidagi vaziyat 2 aprel tunda keskin tus olgan: jangovar harakatlar boshlanib, tomonlar bir-birini ayblagan edi.

Umuman, mazkur mintaqada 150 mingga yaqin kishi turmush kechiradi.

Top