21:09 / 04.04.2016
1545

"Chelsi" Hiddinkka minnatdorchilik bildirdi

"Chelsi" jamoasi direktori Marina Granovskaya Antone Konte jamoaning yangi murabbiyi bo‘lishi e'lon qilinganidan keyin jamoani ayni vaqtda boshqarib turgan Guus Hiddinkka bajargan ishlari uchun minnatdorchilik bildirdi.

Hollandiyalik ushbu mutaxassis 2015 yilning 17 dekabrida avvalgi bosh murabbiy Joze Mourino ishdan bo‘shatilgach, mavsum oxirigacha jamoani boshqarishi uchun olib kelingandi.

Bugun londonliklar jamoasi Antonio Konte bilan 3 yillik shartnoma tuzgani va yangi mavsumdan boshlab u jamoaga ustozlik qilishi haqida rasman e'lon qildi.

"Biz dunyodagi eng hurmatga sazovor murabbiylardan biri bilan kelishuvga erishganimizdan xursandmiz. Shu bilan birgalikda, mavsum yakunigacha jamoada ish olib boradigan Guus Hiddinkka ham o‘z minnatdorchiliklarimizni bildiramiz. U o‘tgan vaqt ichida jamoa uchun katta hajmdagi ishni bajardi", deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi jamoa rasmiy sayti.

Ma'lumot uchun, "Chelsi" Hiddink boshqaruvida APLda o‘tkazilgan 16 uchrashuvda biron marta mag‘lubiyatga uchramadi (7ta g‘alaba, 9ta durang). Bu vaqt ichida jamoa 16 o‘rindan 10 o‘ringa ko‘tarildi. Turnir yakunlanishiga 6 tur qolganida londonliklar jamoasi hisobidagi ochkolar soni 44ta bo‘lib turibdi.

Top