O‘zbekiston | 14:36 / 04.04.2016
1875
2 daqiqa o‘qiladi

GM Uzbekistan Rossiyada Ravon avtomobillarining ilk partiyasini sotib bo‘ldi

Rossiyada Ravon brendi ostida savdoga chiqarilgan R2 (Spark) xetchbeklarining avtomatik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan modellari sotib bo‘lingan, deb yozmoqda «Rossiyskaya Gazeta» kompaniya ma'lumotlariga tayangan holda.

Ravon R2 avtomobillarining savdosi, rasman 10 aprel kuni boshlansa-da, bundan avval, bir oy muddat davomida buyurtmalar qabul qilingan. Ammo dilerlik tarmog‘iga kelib tushgan dastlabki avtomobillar, sotuvga chiqarilmaydi, aksincha egalariga topshiriladi. Ravon’da ma'lum qilishlaricha, ilk yetkazib beriladigan mashinalar uchun 100 foizlik to‘lov bilan buyurtmalar qabul qilingan. Eslatib o‘tamiz, GM Uzbekistan avtomobillari Rossiyada Ravon brendi ostida xaridorlarga yetkazib berilmoqda.

Aytish joizki, R2 (Chevrolet Spark) xetchbeki – Rossiyadagi avtomatik uzatmalar qutisiga ega eng arzon avtomobildir. Uning boshlang‘ich to‘plami narxi 369 000 rubldan boshlanadi. Uning standart to‘plamida, ABS tormoz tizimi, rulni elektrkuchaytirgich, ikkita xavfsizlik yostiqchasi, old yonoynalarni elektr tushirish tizimi, kunduzgi yoritqichlar, audiotizim va markaziy qulflash tizimiga ega.
R2 ga 1,2 litr hajmdagi 4-silindrli dvigatel o‘rnatilgan. 85,5 ot kuchiga ega mashina 4ta bosqichli avtomatik uzatgichlar qutisi yordamida harakatlanadi.

Ayni chog‘da, Ravon Rossiyaning 18 ta shahrida rasmiy dilerlariga ega. Ularning soni yaqin orada yana ikkitaga ortishi kutilmoqda. R2 dan tashqari, kompaniya Rossiyada o‘ta arzon Matiz xetchbeki va Gentra sedanini sotadi. Tez orada, ularning safini yangilangan Nexia sedani to‘ldiradi. Albatta, u butunlay yangi emas, balki Chevrolet Aveo’ning avvalgi avlodi ko‘rinishini oladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish