11:13 / 04.04.2016
2709

Jurnalistik surishtiruv: dunyo yetakchilari ofshor operatsiyalar gumoni ostida

Vashingtonda joylashgan Jurnalistik tergovlar xalqaro konsorsiumi (ICIJ) amaldagi va sobiq jahon yetakchilarining ofshor hisob raqamlari haqidagi 1977 yildan 2015 yilgacha olib borilgan 11,5 mln hujjatni chop etdi. "Panama hujjatlari" deb nomlangan hisobotlar tashkilotning rasmiy saytida chop etildi. Maqolalar ofshorlarda kompaniyalarni ro‘yxatdan o‘tkazishda huquqiy yordam beruvchi Panamaning Mossack Fonseca kompaniyasidan chiqib ketgan ma'lumotlarga asoslangan.

Chop etilgan hujjatlarda Misrning sobiq prezidenti Husni Muborak, Liviyaning sobiq yetakchisi Muammar Kaddafi, Suriya prezidenti Bashar Asad, Islandiya bosh vaziri Sigmundur David Gunnleygsson bilan bog‘liq hujjatlar bor.

ICIJ’ning yozishicha, chop etilgan hujjatlar "ofshor kompaniyalardan poraxo‘rlik, qurol sotish, soliqlar to‘lashdan qochish, moliyaviy firibgarlik va giyohvand moddalarni sotish jarayonlarini yengillashtirish maqsadida foydalanadigan kimsalarni fosh qiladi".

"Panama hujjatlari"da rasmiy hujjatlardan tashqari, taniqli insonlarning elektron maktublari va hisob raqamlari, 21-ofshor hududdagi 210 mingdan ko‘proq kompaniya haqidagi boshqa ma'lumotlar keltirilgan.

Bu hujjatlarda, shuningdek, Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenkoning ismi ham tilga olingan. Hujjatlarda aytilishicha, u Roshen kompaniyasi aktivlarini Ukraina byudjyetiga soliq to‘lamasdan sotish uchun uchta ofshor kompaniya yaratgan.

Shuningdek, hujjatlarda Rossiyaning bir qator jismoniy va yuridik shaxslari tomonidan amalga oshirilgan operatsiyalar haqida ma'lumotlar bor. Maqola mualliflarining ta'kidlashicha, bu operatsiyalarga Rossiya prezidenti Vladimir Putin atrofidagi odamlarning aloqasi bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga maqola mualliflari Putinning nomi hujjatlarda biror marta eslatilmaganini tan oldilar.

Putin matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, bu hujjatlarda Putinning ismi tilga olinishi "ochiqchasiga buyurtma bilan bo‘layotganini" va Putinning nomiga dog‘ tushirish maqsadida qilinganini aytdi. Peskov, shuningdek, Putinning obro‘siga putur yetkazuvchi yolg‘on ma'lumotlar chop etiladigan bo‘lsa, OAV sudga berilishi mumkinligini aytdi.

Hujjatlarda, shuningdek, Xitoy raisi Si Tszinpin, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Marokash qiroli Muhammad VI, Saudiya Arabistoni qiroli Salmon ibn Abdul-Aziz Al Saud oila a'zolari, Buyuk Britaniyaning amaldagi bosh vazirining marhum otasi hamda Pokiston bosh vaziri Navoz Sharif farzandlari ham eslab o‘tilgan.

Mossack Fonsesa’ning ta'kidlashicha, kompaniya o‘z mijozlarini sinchkovlik bilan tekshiradi va agarda uning xizmatlarida qandaydir xatolarga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, bundan afsusdadir.

Ofshor – soliq va boshqa turli imtiyozlar bilan kompaniyalarni o‘ziga jalb etuvchi moliyaviy markaz, mamlakat.

Top