10:03 / 04.04.2016
1482

Messi va Platini ofshor kompaniyalar mojarosiga aralashib qoldi

Vashingtonda joylashgan jurnalistik tadqiqotlar xalqaro konsorsiumi (ISIJ) o‘z mijozlariga ofshor kompaniyalar tashkil qilishda yordam bergan «Mossack Fonseca» yuridik firmasi haqida ma'lumot taqdim qildi.

Agency France Presse bergan ma'lumotga ko‘ra, Panamadagi «Mossack Fonseca» firmasi futbol olamida 20 nafardan ortiq taniqli shaxslar bilan ham hamkorlik qilgan. Ular orasida «Barselona», «Manchester Yunayted» va «Real»ning hozirda faoliyat olib borayotgan va sobiq futbolchilari bor. Jumladan, «Barselona» hujumchisi Lionel Messi va uning otasi Xorxening Panamada ro‘yxatdan o‘tgan «Mega Star Enterprises» ofshor kompaniyasi borligi aniqlangan.

Shuningdek, UYeFA rahbari sanalgan Mishel Platini ham 2007 yilda mazkur firma xizmatlaridan foydalangan.

Messining firmasi haqida «Mossack Fonseca» hujjatlarida ilk marta 2013 yilning 13 iyun kuni tilga olingan. Aynan o‘sha paytda Ispaniya prokuraturasi Messi va uning otasiga nisbatan ayblovni ilgari surgandi.

Bundan tashqari, hujjatlarda jahonning 20dan ortiq klublari xo‘jayinlariga tegishli ofshor tashkilotlar aniqlangan. Ular orasida «Inter» va «Boka Xuniors» klublari xo‘jayinlari ham bor.

Hujjatlarda Braziliya, Urugvay, Buyuk Britaniya, Turkii, Serbiya, Gollandiya, Shvetsiya va boshqa mamlakatlar futbolchilari tilga olingan. O‘yinchilar o‘z qiyofasi huquqining sotilishi va reklamaning boshqa turlaridan tushgan daromadlarni saqlash uchun ofshor kompaniyalar tashkil qilishda «Mossack Fonseca» xizmatlaridan foydalangan.

Jumladan, hujjatlarda Leonardo Uloa, Ivan Samorano va Gabriel Xayntsening nomlari qayd etilgani aniqlangan. Ular mablag‘ni ofshor kompaniyalarda saqlash orqali soliqdan qochishga harakat qilishgan.

Top