Jamiyat | 22:00 / 04.04.2016
1553
2 daqiqa o‘qiladi

Odamlardan "Olmaliq" KMKga ishga olib kirish va'dasi bilan pul olgan angrenlik firibgar 7 yilga qamaldi

Angrenlik muqaddam sudlangan Rustam Manazarov (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) firibgarlik yo‘liga yana bosh suqib, bu ishda yangi tanishlar orttirdi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida shaxta qurilishi boshqarmasida yer osti lahmchisi bo‘lib ishlab kelayotgan Mirzakarim Abbosov Angren kon boshqarmasida ishlashni xohlab qoldi. Bu esa Rustamga qo‘l keldi. U ishga joylab qo‘yaman deb Mirzakarimdan 5000 AQSh dollari oladi.

Oradan ko‘p o‘tmay, “Olmaliq" KMK AJ Angren quvur zavodi unitar korxonasi ishchisi Halimbek Shiranov Angren kon boshqarmasiga ishga o‘tkazishni so‘rab keldi. Rustam undan bu ishni hal qilib berishi uchun 2000 AQSh dollarini qo‘lga kiritdi. Firibgar ishini davom ettirdi. U Mirzakarim Xolboyevning ishonchini qozonib, ishga joylashtirib qo‘yaman deb 2000 AQSh dollarini oldi.

Ammo u qonun ustuvor yurtda yashayotganini unutgan edi. Jabrlanuvchilar uni sudga berishdi. Sud Rustam Manazarovga 7 yil-u 1 oy ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish