22:33 / 04.04.2016
1612

Transparency International ofshorlarni taqiqlashga chaqirmoqda

Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi nohukumat xalqaro tashkiloti Transparency International dunyo yetakchilarini ofshorlarni zudlik bilan yo‘q qilish bo‘yicha harakatlarni amalga oshirishga chaqirdi. Bu haqda tashkilot xabarida aytilmoqda.

Tashkilot raisi Xose Ugasning aytishicha, Panama Papers’dagi (Panama hujjatlari) korrupsiya haqidagi tergov global moliya tizimining "qorong‘u" tomonini fosh qiladi. Bunda banklar, yuristlar va moliyaviy mutaxassislar korrupsiyalashgan pullarni yashirishadi.

Tashkilot, shuningdek, dunyo hamjamiyati yetakchilarini birlashishga va kompaniyalar benefitsiar egalarining ommaviy ro‘yxatini yaratish hamda ofshorlarni taqiqlashga erishishga chaqirdi.

3 aprelda OCCRP dunyo yetakchilari, siyosatchilar, sportchilar va madaniyat arboblarining ofshor bitimlariga aloqadorligi haqida katta ko‘lamdagi tergovni chop etdi. Ro‘yxatda Rossiya prezidenti Vladimir Putin, uning matbuot kotibi Dmitriy Peskov, Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Aleksey Ulyukayev, Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko, Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron, Islandiya bosh vaziri Sigmyundyur Gyunnleygsson hamda aktyor Jyeki Chan, futbolchi Lionel Messi va boshqalarning nomlari tilga olingan.

Top