Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mexikoning jamoat transporti deyarli 3 oyga bepul bo‘ladi
Meksika poytaxti hukumati dushanba kuni shu yilning 5 aprelidan 30 iyuniga qadar shahar jamoat transportining katta qismi bepul ishlash rejimiga o‘tishini e'lon qildi.
Mexikoning Transport vaziri Ektor Serranoning ma'lum qilishicha, bunday yangi tartib shahardagi avtobuslar, trolleybuslar va yengil yerusti poyezdlari tizimiga taalluqli.
Bundan tashqari, yo‘lovchilarni tashish bilan shug‘ullanuvchi ko‘plab xususiy transport kompaniyalari ham vaqtinchalik narxlarni pasaytirishga rozi bo‘lishdi, taksilar ham o‘z xizmatlari bahosini 50 foizga kamaytirishdi.
Bunday chora-tadbirlar Mexikoda 5 apreldan kuchga kiradigan tartib - yuzaga kelgan ekologik muammolar tufayli shaxsiy avtomobillardan foydalanishni chegaralash bilan bog‘liq. 30 iyunga qadar shaharda haftada bir marta xususiy avtomobillardan foydalanish man etiladi. Chegaralash barcha mashinalarga ularning ekologik tekshiruvi natijalari qandayligidan qat'i nazar birdek tegishlidir.
Mart oyining o‘rtalarida Mexikoda ozon qatlamining o‘ta yuqori konsentratsiyasi sabab 14 yil ichida birinchi marta favqulodda holat e'lon qilindi. Atrof-muhitni himoya qilish qo‘mitasining ma'lumotiga ko‘ra, ozon konsentratsiyasining darajasi 203 punktga yetdi. Oxirgi marta bunday yuqori ko‘rsatkich 2002 yilning sentabrida qayd etilgan edi (242 punkt).