Jamiyat | 09:46 / 05.04.2016
2149
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar erkaklarni infarktdan himoya qilish usulini topishdi

Gormonal davolash yoshi o‘tgan erkaklarda testosteron darajasini normallashtirish barobarida ularning yurak xastaliklariga kamroq chalinishlariga olib keladi. Solt-Leyk-Siti shahri Yurak instituti tibbiyot markazi ilmiy xodimlari shunday fikrda. Bu haqda tibbiy muassasalar tarmog‘i saytida xabar qilingan.

Ko‘pyillik ilmiy izlanishlar shuni ko‘rsatdiki, gormonal terapiya kursidan o‘tgan bemorlarning 80 foizi miokard infarkti va insult kabi yurak bilan bog‘liq ko‘ngilsiz hodisalarga kam duch kelishgan.

Tadqiqotchilar 58 yoshdan 78 yoshgacha bo‘lgan 755 nafar bemorning holatini kuzatib borishgan. Ularning barchasida bir paytlar yurak ishemik xastaliklari aniqlangan edi. Bemorlar 3 guruhga ajratilib, ulardan bir guruhiga testosteronli davolash kursi tayinlanmagan, ikkinchisiga o‘rtacha miqdorda tayinlangan, uchinchi guruh gormonni ko‘p miqdorda qabul qilgan.

Uch yil davomida har bir guruhdagi bemorlar ahvoli o‘rganib borilgan. So‘nggi yilda birinchi guruhdagi bemorlarning 125 nafari yurak xastaliklaridan shikoyat qilishgan bo‘lsa, ikkinchi guruhning 38 a'zosida, uchinchi guruhning atigi 22 nafarida yurak bilan bog‘liq xastaliklar bezovta qilish hollari qayd etilgan. Amerika kardiologiya kollejining 65 ilmiy anjumanida e'lon qilingan ilmiy tadqiqot dasturi hozirda ham davom ettirilmoqda.