17:39 / 05.04.2016
3238

O‘zbekistonda giyohvand moddalar ro‘yxati kengaytirildi

Giyohvand moddalarni nazorat qilish Davlat komissiyasi qaroriga ko‘ra, giyohvand va psixotrop moddalar aylanishida ularning hajmiga doir yangi o‘lchamlar joriy qilindi. Bu haqda Norma nashrida yozilgan.

Yangi hujjatda respublikada tarqalishi taqiqlangan yoki cheklangan 289 (avvalgisida 220 ta) nomdagi giyohvand moddalar ro‘yxati keltirilgan. Shuningdek, 81 turdagi (eski hujjat bo‘yicha 82ta) psixotrop moddalar aylanishi cheklangan bo‘lib, ularning barchasiga doir vazn me'yorlari keltirilgan. Shunga binoan, giyohvand va psixotrop moddalar taqiqlangan vazniga oid me'yorlar o‘z kuchini yo‘qotgan hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur moddalarning vazniga oid me'yorlar, giyohvand va psixotrop moddalar noqonuniy aylanishi uchun jinoiy javobgarlik hajmini aniqlash maqsadida joriy etilgan.

Misol uchun, ko‘rsatilgan vazndan kam modda topilgan taqdirda, ayblanuvchiga nisbatan ma'muriy jazo choralari qo‘llanadi. Xususan, morfinni 0,01 g yoki undan ko‘p miqdorda noqonuniy ishlab chiqarganlik uchun jinoiy, 0,01 g dan kam ishlab chiqarganga esa ma'muriy jazo qo‘llanadi.

Top