Jamiyat | 15:20 / 06.04.2016
4285
2 daqiqa o‘qiladi

Islom Karimov akademik Abdulahad Muhammadjonov vafoti bilan ta'ziya bildirdi

Tarix va arxeologiya fanlari sohasidagi yirik olim, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Abdulahad Muhammadjonov 85 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zA xabar bergan.

A.Muhammadjonov 1931 yilda Toshkent shahrida tug‘ildi. 1951 yili O‘rta Osiyo davlat universitetini (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) tugatib, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti (hozirgi Sharq qo‘lyozmalari markazi) aspiranturasida tahsil oldi. 1955 yilda nomzodlik, 1977 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1989 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining a'zosi etib saylandi.

Zahmatkash olim o‘zining 60 yildan ortiq ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Fanlar akademiyasining Arxeologiya, Tarix institutlari direktori, Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, O‘zbekiston Milliy universiteti professori kabi lavozimlarda samarali mehnat qildi, tarix va arxeologiya fanlarining dolzarb nazariy va amaliy masalalarini tadqiq etish, yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qo‘shdi.

A.Muhammadjonovning o‘zbek xalqining qadimiy tarixi, boy madaniyatini, O‘zbekistonda shakllangan sug‘orma dehqonchilik an'analarini arxeologik jihatdan o‘rganishga bag‘ishlangan ko‘plab kitob va monografiyalari, maqola va risolalari ilmiy jamoatchilikka yaxshi ma'lum.

I.Karimov, N.Yo‘ldoshev, N.Ismoilov, Sh.Mirziyoyev, Sh.Solihov, E.Rtveladze

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish